Ayollar o`zlarini boshqa ayollar bilan taqqoslashining 4 sababi

17:05, 13 may

Restoranga ovqatlanishga borganda qo`shni stolda o`tirgan ayolni diqqat bilan, erinmay kuzatganmisiz? Agar bu vaziyat sizga yaxshi tanish bo`lsa, olimlarning fikricha, siz yolg`iz emassiz. Chunki ayollar ko`chadan o`tayotgan begona ayolni erkaklarga nisbatan uzoq va e`tibor bilan kuzatadi. Buning 4 sababini “Lady.mail.ru” nashri siz bilan o`rtoqlashadi

O`zini boshqalar bilan taqqoslash

Odam shaklidagi velosiped ixtiro qilgan fransuz faylasufi “Hammasi taqqoslab ko`rilganda bilinadi”, degan ekan. Amerikalik psixolog Leon Festinger bu fikr asosida “ijtimoiy taqqoslash nazariyasi”ni yaratdi. Uning mazmuni shundan iboratki, go`zallik va omad insonning o`zini baholashi uchun mezon bo`lolmaydi, biz o`zimizni boshqalar bilan taqqoslab ko`rgandan keyingina baholay olamiz.

Yiliga 300 dona tuxum beradigan tovuq o`zini ishonch bilan “Eng zo`r tovuqman!”, deb hisoblashi mumkin. Ammo bu jarayon insonlarda boshqacha kechadi. “Har qalay Angela Merkel bo`lmasam ham, kareram yomonmas. Buni ustiga men undan yoshroq va chiroyliroqman, zamonaga mos kiyinaman. Qo`shni bo`limda ishlaydigan ayol mendan chiroyli kiyinsa ham, har qalay eri yo`q. Meni esa oilam, suyukli insonim bor...” Ayollar shunday taqqoslashlar orqali hayotdagi o`z o`rinlarini, baholarini aniqlab oladilar. 

Taqqoslash, tahlil qilish uchun ijtimoiy tarmoqlar eng qulay joylardan biriga aylandi. Ammo bu erda osongina tuzoqqa tushish mumkin, o`zlarining ideal portretlarini ijtimoiy tarmoqqa joylashtirgan onlayn-qahramon ayollarga o`zingizni taqqoslab, tushkunlikka tushmang. Chunki ideal odamning o`zi yo`q.

O`ziga nisbatan bahoni oshirish

Agar o`zimizni mashhur yulduzlar bilan taqqoslashni yoqtiradigan bo`lsak, uydan chiqmagan ma`qul. Shuning uchun ko`chadan o`tayotgan notanish ayolni maroq bilan tomosha qilib, har qanday zamonaviy rentgen apparatini dog`da qoldiramiz. Biz uning hamma narsasiga — oyog`ining uchidan tortib, qo`lidagi tirnoqlarigacha diqqat bilan e`tibor beramiz. Agar uning biror kamchiligini topadigan bo`lsak, bundan qalbimiz quvonchga to`ladi.

Ammo tanganing ikkinchi tomoni ham bor. Faqatgina biz boshqalarga baho bermaymiz, balki ular ham bizga baho berishadi. Bu hayotimizdagi qo`shimcha stress-faktor bo`ladi, chunki shusiz ham har bir qadamimizni tergaydigan badjahl boshliq, serzarda qaynona va iqtisodiy inqirozlar bizga etib-ortadi. Swimwear nomli onlayn-do`konning o`tkazgan so`rovnomasiga ko`ra, ayollarning 42 % boshqa ayollarda katta taassurot qoldirish uchungina kiyim sotib olar ekan. 

Agar tirnoq ostidan kir qidirib, boshqa ayollarni kuzatishni bas qilsangiz, atrofdagi odamlar ko`zingizga mehribon va samimiyroq ko`rina boshlaydi. 

Eri tashlab ketganning sababini anglash

Agar hayotimizda ko`plab tushunarsiz, kutilmagan voqealar ro`y bera boshlasa xavotirga tusha boshlaymiz. O`zimizni xotirjam his qilishimiz uchun bizga tinchlik kerak. Mabodo biror narsadan norozi bo`lib, Koinotga “Nega aynan men?” deb savol bersak, bizga “Chunki shunday rejalashtirilgan”, deb javob bersa, bizni qoniqtirmaydi.  

“Nima sababdan erim meni tashlab ketdi, uning nimasi mendan ortiq?” degan o`y bilan ijtimoiy tarmoq orqali uning fazilat va kamchiliklarini sanashga tushasiz. “Qaddi-qomati kelishgan, otasi zavod direktori, shahar markazida uyi bor, plastik jarrohlik qildirgan...” kabi iboralar sizni ranjitsa-da, savolingizga javob bo`la oladi.

Ba`zida o`zimizdan aybni qidirishni istamay, taqqoslashga tushamiz: “Nima uchun men bo`lim boshlig`i etib tayinlanmadim?”, “Nimaga falonchida imtiyozli diplom, tanish-bilishlari ko`p-u, menda yo`q?” degan savollarini qalashtirib tashlaymiz-u, ammo oxirgi vaqtlarda birorta kitob o`qimaganimizni, o`z ustimizda ishlamaganimizni, biror original g`oya o`ylab topmaganimizni tan olmaymiz. 

 

Mukammallikka intilish

Biror o`zingizga yoqqan odamning qiliqlarini, gapirishini, kiyinishini yoqtirib, uning odatlarini takrorlay boshlaysiz. Bunday holatda o`zligingizni unutasiz. O`zingizni atrofdagilar bilan taqqoslash xuddi bolg`a bilan mix qoqishni eslatadi: yo mixni devorga qoqib kirgizasiz yoki bolg`ani barmog`ingizga urasiz. Asbobni to`g`ri ishlata olmasangiz, unumli foydalana olmasangiz, o`zingizga jabr qilasiz. Hech qachon bir inson ikkinchi insonni takrorlamaydi. Mukammal bo`lishga intilib, o`z ustingizda tinmay ishlang, ammo aslo birovga o`xshashga harakat qilmang.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!