Millionlab kreditlarni begona pasportlarga rasmiylashtirgan bankirlarning kirdikorlari fosh etildi

13:48, 14 may

O`zbekiston huquqni muhofaza qilish idoralari Qashqadaryo viloyatida bank tizimida faoliyat yuritib kelgan jinoiy guruhni fosh etishdi.

Surishtiruvlar natijasida ish yuritish uslubi oydinlashdi: Guruhga Aksiyadorlik tijorat “Xalq banki”ning 52 yoshli rahbari Yusup Arziqulov boshchilik qilib kelgan. Bu moliyaviy nayranglar doirasi hududdagi 20 dan ortiq odam, o`nlab firmalar, kompaniyalar, fermer xo`jaliklarini o`z ichiga olgan. Bu nayranglar yillar davomida davlat xazinasiga yuz million so`mlab ziyon etkazgan.

Oilaning har bir a`zosiga kredit

Ma`lumki, 2006 yilning 23 mart kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo`jaliklarida chorva mollarini ko`paytirishni rag`batlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qaror joylarda aholining turmush sharoitlarini yaxshilash, chorvachilikni rivojlantirishda juda katta ahamiyat kasb etdi. Qancha oilalar shu qaror tufayli o`zining moddiy imkoniyatlarini tiklab oldi. Qaror ijrosi yuzasidan 2006 yilda O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan aholiga eng kam ish haqining 80 baravarigacha bo`lgan miqdorda kreditlar berildi. 

Qashqadaryo viloyatida bunday kreditlarni berish vakolati o`sha paytlarda Yusup Arziqulov rahbarlik qilib turgan “Xalq banki”ning viloyat filiali zimmasiga yuklatildi. U zimmasiga yuklatilgan mas`uliyatli vazifani mo`may daromad manbai sifatida qabul qilgan ko`rinadi. Shu bois ishni qanday qilib o`z foydasiga hal etish rejasini puxta ishlab chiqdi. Uning boshchiligida bu nayranglarni asosan muovini Sobir Iskandarov, operasion bo`lim boshlig`i Yoqubjon Mamashoev, kredit bo`limi boshlig`i Hamza Nazarov, shu bo`limning bosh mutaxassisi Odil Diyarov amalga oshirib kelgan. Bu “xayrli” ishdan “Xalq banki”ning Qarshi shahar bo`linmasi mas`ul xodimlari ham chetda qolishmadi.

Davlat qishloq xo`jaligi rivoji uchun mablag`ni ayamasligini bilgan jinoiy guruh a`zolari shu tariqa otga qamchi bosishdi. Ular avval tanish-bilishlar orqali turli pasportlarning asli va nusxalarini qo`lga kiritishdi, keyin mahalla yig`inlaridan ma`lumotnomalar yozdirib olishdi, oxirida pasport egalari nomiga kreditlar rasmiylashtirishdi. Hujjatlar xuddi shaxsiy yordamchi va dehqon xo`jaliklarida chorvachilikni rivojlantirish niqobi ostida rasmiylashtirilsa-da, ulardagi pullar “shaxsiy” cho`ntaklarni to`ldira boshladi.

Shu tariqa naq 222 kishi o`zlari bexabar holda bankdan qarzdor bo`lib qoldi. Ularning ko`pchiligi bu haqda qarzlarni so`ndirish bo`yicha uylariga xabarnoma kelganida xabar topishdi. Ba`zilar esa, o`zlari uchun kredit so`rab bankka borishganida, ular nomidan kredit hisjbi ochilganini bilib qolishdi.

Jinoyatchilar o`zlariga shu qadar ishonib qolishgan ediki, ular hatto butun boshli oilalarning pasportini o`g`irlab, ularning har bir a`zosi nomiga kreditlar to`g`irlashdi.

Begmurodovlar oilasi bilan ham ana shunday holat yuz berdi. Bu olaning har bir vakili elkasiga 2 million so`mdan “qarz” ilishdi. Shu tariqa Toshmurodovlar, Qarshievlar, Ahmedovlar, Avazovlar, Yaratovlar, Yangiboevlar oilasi ham firibgarlar to`riga ilinib, “Xalq banki”ning qarzdorlari ro`yxatiga tushib qolishdi.

Pora evaziga imzo

Ma`lum bo`lishicha, firibgarlar kredit shartnomalarini rasmiylashtirishda mahalla raislari bilan ham til biriktirishgan. Arzimagan pul evaziga ular firibgarlarning qarmog`iga ilingan “qurbonlar”ning kam ta`minlangani va shaxsiy yordamichi xo`jalik tashkil etish uchun ko`makka muhtojligi haqida soxta ma`lumotlarni qarsillatib yozib beraverishgan. Bunday ma`lumotnoma bo`lmasa, Yu.Arziqulov boshchiligidagi jinoiy guruh soxta kreditlarni rasmiylashtira olmasdi-da! Bunday masalalar “Xalq banki”ning viloyat va shahar bo`limlarida kredit qo`mitalari a`zolari yig`ilishida gap-so`zsiz hal etilardi. Yig`ilishlarning soxta bayonnomalariga qaraganda, ularning barcha ishtirokchilari kredit berishni bir ovozdan ma`qullaganlar. Bundan kelib chiqadiki, ular ham bu ishdan ma`lum darajada manfaatdor bo`lishgan.

Natijada Arziqulov va uning hamtovoqlari qisqa vaqtda bankdan 564 million so`mlik kreditni “tuya” qilib yuborishgan. Agrar muhitni qo`llab-quvvatlash maqsadida davlat tomonidan ajratilgan katta miqdordagi mablag` shu tariqa firibgar sheriklar cho`ntagidan joy olib, ularning maishatlari yo`lida sarflab yuborilgan.

So`nggi pushaymon

Begona pasportlar asosida kredit olish firibgarlarga moydek yoqib qoldimi, ular o`z faoliyatlari doirasini kengaytirishga tushishdi.

Yangi yo`nalish sifatida kattagina pul aylanadigan lizing bozori tanlandi. Endi Yusup Arziqulovning noqonuniy tizimi Qashqadaryo viloyatidagi bir qancha fermer xo`jaliklari hisobidan kengaya boshladi. Yangi hamkorlar safiga «Boburmirzo», «Erqo`rg`on saxovati», «Karvon», «Toshmurodov Davlat Abduzoirovich», «Ikrom Jalilov», «Osiyo KBX» va boshqa fermer xo`jaliklarining rahbarlari kelib qo`shldi.

Bu ishga Toshkentda faoliyat ko`rsatayotgan «Agromashlizing» aksiyadorlik jamiyati rahbari va hisobchisining ham jalb qilinganiga nima deysiz? Hamkorlarning kelishuviga ko`ra, umumiy qiymati 17 mlrd so`mdan ortiq bo`lgan lizing bitimlari noqonuniy tarzda rasmiylashtirilgan.

Bu moliyaviy nayranglarga huquqni muhfoaza qilish organlari nuqta qo`yishdi. Jinoiy guruhning barcha a`zolari qo`lga olindi. Tergov va sud jarayonida ular o`z ayblariga to`la-to`kis iqror bo`lib, o`zlari chuv tushirgan odamlardan ko`zda yosh bilan kechirim so`rashdi.

Ammo, donishmandlar haq gapni aytishgan: “So`nggi pushaymon – o`zingga dushman!”...

Ikrom Ne`matov

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!