O`zbekistonda yangilangan Captiva sotuvga chiqdi(Foto)

16:46, 14 may

O`zbekistonda 2016-model yiliga mansub yangilangan Chevrolet Captiva krossoverining savdosi boshlandi. Bu haqda, «Gazeta.uz» ma`lumotlariga asoslanib, “Daryo” xabar bermoqda.

Restaylingdan so`ng, model kuzovining old qismi sezilarli o`zgarib, uning uslubi Chevrolet avtomobillari dizaynining zamonaviy yo`nalishiga muvofiqlashtirildi.

Yo`ltanlamasning radiator panjarasi yangilangan, asosiy chiroqlari nisbatan kompakt ko`rinish olgan va yorug`lik diodli kunduzgi chiroqlar bo`lmasi bilan to`ldirilgan, old bamper o`zgargan.

Interer ham zamonaviylashgan — mashina audiotizimni boshqarish moduliga ega yangi uch kegayli rul chambaragi va iqlim nazorati bloki nisbatan qulay bo`lgan hamda shaklan o`zgargan markaziy konsol bilan ta`minlangan.

Krossoverdagi eng asosiy yangiliklardan biri — unga ham iOS, ham Android operasion tizimida ishlovchi smartfonlar bilan to`liq integrasiyalasha oladigan, sensor ekrani 7 dyuym bo`lgan ikkinchi avlod MyLink multimedia tizimi o`rnatilganidir.

Smartfonni tizimga ulab, MyLink bilan uyg`unlikda ishlay oladigan mobil dasturlar (masalan, xaritalar va navigasiya dasturlari)dan foydalanish, qo`ng`iroqlarni amalga oshirish, fotosuratlar va videoroliklarni tomosha qilish mumkin. Shuningdek, ovoz bilan boshqarish imkoni ham bor.

Captiva’ning xavfsizlik tizimi orqa eshikka o`rnatilgan orqa tomonni ko`rsatuvchi kamera bilan to`ldirilgan. Mashinada old va orqa chiroqlarning avtomatik yonishi va o`chishini nazorat qilib turuvchi tizim ham bor.

Mahalliy bozorda yagona — LTZ komplektasiyasida taklif qilinadigan avtomobilda odatiy charm salon va yon tomonda po`lat zinapoyalar bor. Avvalgidan farqli o`laroq, xaridorlarga yana qo`shimcha to`rt xil rangdagi Captiva taklif qilinmoqda.

Mashina avvalgidek — hajmi 3 litr, quvvati 258 ot kuchiga teng bo`lgan 6 silindrli dvigatel va olti bosqichli avtomat tezlik uzatish qutisi bilan ta`minlangan.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!