Tomoshabinlar “Evrovideniya-2016” natijalarini qayta ko`rib chiqishni talab qildi​

11:34, 17 may

“Evrovideniya” muxlislari tanlov natijalarini qayta ko`rib chiqishni talab qilishdi. Ular shou siyosiylashtirilib yuborilganidan norozi bo`lib, imzo yig`ishmoqda, deb xabar berdi “Ntv.ru” nashri. 

Change.org saytida “Evrovideniya-2016” tanlovi natijalarini qayta ko`rib chiqish talab etilgan petisiya paydo bo`ldi. Unga 35 ming imzo zarur bo`lgan, 40 ming kishi imzo chekkan. Ariza muallifi armanistonlik Artur Oganesyandir. Uning Evropa axborot ittifoqiga yozgan murojaatini Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Ispaniya, Avstraliya, Serbiya, Shvesiya, Rossiya, Ukraina va boshqa mamlakatlarning fuqarolari qo`llab-quvvatlagan.

Ariza matnidan parcha: “Hakamlar hay`atining va teleauditoriyaning ovoz berishi juda og`ir va his-hayajonga to`la jarayon ekanligini yaxshi tushunamiz. Ammo biz, bu yilgi  tanlov “g`olibi” haqiqiy g`olib emas, g`alaba boshqa odamga nasib etishi kerak edi, deb hisoblaymiz”.

Madridlik Kristian Garrido ham ariza yozib, Ispaniyani “Evrovideniya-2017”da qatnashmaslikka chaqirdi. Uning fikricha, Stokgolmda o`tkazilgan tanlovning final qismi “tahqirlashdan” iborat bo`lganligini, Evropa ahliga uning natijalari siyosiy qarashlardan kelib chiqib baholanishi ma`lum bo`lganligini bildirgan. 

“Evrovideniya”ning nemis millatiga mansub tomoshabinlari ham OpenPetition portalida Germaniyani ham kelgusi yil tanlovda qatnashmaslikka chaqirgan. Bir faolning fikr bildirishicha, “Tanlovning badiiy saviyasi yuqori bo`lsa-da, u siyosiy qarashlarni aks ettiradi”.  

Fransiyada esa “Evrovideniya” tanlovi natijalarini sharhlagan, France 2 telekanali boshlovchisini ishdan bo`shatish to`g`risidagi arizaga imzo yig`ish boshlangan. Ariza muallifining yozishicha, boshlovchi Marian Jeyms to`g`ridan-to`g`ri efirda Rossiyani qoralab, Fransiya nomiga dog` tushirgan.  

Eslatib o`tamiz, “Evrovideniya” tomoshabinlari rossiyalik Sergey Lazerevga, avstraliyalik Demi Imga ovoz berishganiga qaramay, g`alaba ukrainalik Jamolaga nasib etdi. Bu yilgi “Evrovideniya” tarixdagi eng siyosiylashtirilgan tanlov deb nom qozondi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!