O`zbek kino tarixida qoladigan tarixiy film yaratildi

11:28, 18 may

17 may kuni Alisher Navoiy nomli kinosaroyida uzoq kutilgan “Oyqiz ertagi” filmining jurnalistlar uchun yopiq taqdimoti bo`lib o`tdi. 

Ajoyib mahorat, ijro, rejissyorlik ishi, xullas kino san`atiga zarur bo`lgan barcha-barchasi “Oyqiz ertagi”da mujassam. Bu film ertak janrida yaratilganligi uchun ehtimol katta yoshdagilar borib ko`rishni lozim topmas, biroq bir narsani aytish mumkin bu kinobarcha yoshdagilar uchun birday qiziq.

Akbar Bekturdiev rejissyorligida suratga olingan mazkur filmda qiziqarli afsona va rivoyatlarga asoslangan holda Vatanni sevish, uning daxlsizligini ko`z qorachig`idek asrab-avaylash, sadoqat, mardlik, halollik singari ezgu g`oyalar aks ettirilgan.

“Oyqiz ertagi” badiiy filmi keskin sahnalarga boy bo`lib, qiziqarli va o`tkir syujet, shuningdek, maxsus effektlar orqali aktyorlar ijrosidagi xilma-xil, murakkab harakatlar va xarakterlar ochib berilgan. 

Filmda Sarang mamlakatida bo`layotgan voqealar hikoya qilinadi. Mamlakat hukmdorining qizi Oyqiz obrazida aktrisa Yulduz Rajabova namoyon bo`ladi. Shohning jodugar malika – Feruza Sobitovaga ko`ngil qo`yishi saltanatni parokanda qiladi, buning oqibatida Oyqiz bolaligida yovuzlarning qo`lida qolmasligi uchun o`z saltanatini tashlab qochishga majbur bo`ladi. Oyqiz bolaligida yo`qolgan do`sti Jonboz (Yigitali Mamajonov)ni topish maqsadida jangchi bo`lishni maqsad qiladi. O`z mamlakatidan uzoqda yashayotgan Oyqiz va Jonboz o`zlarining mamlakatlari va manqurtlarga aylangan halqni yovuz kuchlardan ozod etishga kirishishadi. Filmdagi jangovor tryuklar aktyorlarning o`zlari tomonidan mohirona tarzda bajarilgan. Filmdagi bashoratchi Dilbar Ikromovaning munajjim obrazi ham mohirona ijro etilgan.  

Xullas haqiqiy ma`noda mega blokbaster! 1,6 milliardlik byudjet yuz foiz o`zini oqlagan! Aktyorlarimizning mahoratiga yana bir karra amin bo`lish mumkin! 

Sarang o`lkasining afsonasi bo`lmish "Oyqiz ertagi"ni albatta butun oila a`zolar bilan borib ko`rish tavsiya etiladi.

Xulosa o`rnida, o`zbek kino ijodkorlari tomonidan tarixda qoladigan tarixiy ertak film yaratganini ishonch bilan aytish mumkin.

Film ijodkorlari:

Ssenariy muallifi:  Muhammad Davlatilloh, Akbar Bekturdiev

Sahnalashtiruvchi rejissyor:  Akbar Bekturdiev

Sahnalashtiruvchi operator:  Dilmurod Turdiboev

Sahnalashtiruvchi rassom:  Akmal Saidov

Bastakor: Dimitriy Yanov-Yanovskiy

Bosh rollarda:  Yigitali Mamajonov, Yulduz Rajabova, Xayrulla Sa`diev, Ma`ruf Otajonov, Feruza Sobitova, Alixan, Dilbar Ikromova va boshqalar.

FAKTLAR

Film byudjeti: 1,6 mlrd. so`m.

Film “O`zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga asosan “O`zbekfilm” kinostudiyasida tarixiy ertak (fentezi) janrida 4K va Dolby Surround 5.1. formatida suratga olingan. 

Filmning keng jamoatchilik uchun premerasi 19 may kuni soat 17:00da Respublika Kinochilar uyida hamda soat 18:00da Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyda tashkil etiladi. 

20 maydan e`tiboran esa yurtimiz kinoteatrlarida namoyish etiladi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!