Bahrom Nazarov o`zi ishtirokida tarqalgan videolarga munosabat bildirdi (Video)

12:19, 18 may

Bahrom Nazarov ayni kunlarda o`tgan yilgi ijodiy an`anasini davom ettirgan holda, yurtimiz bo`ylab gastrol konsertini boshlaganiga ham qariyb ikki oy bo`ldi. Shu vaqtga qadar, Nazarov, viloyatlarimizda 30 ga yaqin konsert dasturini taqdim etdi. Mazkur konsertlardan suratga olingan videolar esa ijtimoiy tarmoqlarga joylanib bormoqda. Ana shunday videolardan birida Bahrom Nazarov qo`shiq kuylab turgan joyida “hiqildog`imga keldi” qabilida qilgan ishorasi e`tiborimizni tortdi va unga ushbu videolarga oydinlik kiritishi so`rab murojaat qildik.

—Gastrol konsertlari joningizga tekkan ko`rinadi, buni kuylab turgan vaqtingizda qilgan hatti harakatingizdan ko`rish mumkin, rostan ham shunaqami?..

—Bu kunlarga etishim oson bo`lmadi, muxlislarimizni bunday kutib olishi, men bilan qo`shilib qo`shiqlarimni kuylashi men uchun faqatgina orzu edi. Niyatni astoyidil qilgan ekanmiz, ijodiy jamoamizning sa`y-harakati va muxlislarimizning sadoqati bilan shu kunlarga ham etdik. Bu jonga tegdi yoki shu ma`nodagi boshqa ishora emas, bu navbat keyingi qo`shiqqa kelganligi haqidagi faqatgina ijodiy jamoamiz tushunadigan ishora, kalit so`z desa ham bo`ladi.

—Viloyatlardagi har bir konsertlaringiz juda katta yaxshi bilan kutib olinayotganligini video lavhalardan kuzatib boryapmiz. Yana bir video e`tiborimizni tortdi stadionda yomg`ir sharros quyib turganda ham qo`shiq kuylagan ekansiz, ammo «Pari-pari» qo`shig`i oxiriga etmay, o`chib qolgan...

—Avvalo e`tiboringizdan xursandmiz, haqiqattan ham Buxoro viloyatining Romitan tumanidagi stadionda konsert berayotganimizda, dasturning eng oxirgi qo`shiqlari boshlanishi bilan yomg`ir quya boshladi. Stadion katta bo`lganligi uchun uni aylanib qo`shiq aytishga to`g`ri keladi. Yomg`ir dasturdagi eng so`nggi qo`shig`imizdan bitta oldingi, «Xorazmcha» deb nomlangan taronada yog`a boshladi. «Pari-pari» qo`shig`ini kuylayotganimizda, stadiondagi apparaturalar kuyib qoldi. Shu o`rinda, yomg`ir yog`ayotganda ham konsertni tark etmagan muxlislarimizga ijodiy jamoamiz va o`zim nomimdan  minnatdorchilik bildirmoqchimiz.

O`tgan yilgi «Unutilmas kunlar» deb nomlangan gastrol konsertingizda Qoraqalpog`iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi konsertlaringiz bekor qilingan edi, bu yil u erdagi muxlislaringiz bilan diydor ko`rishasizmi?

—Xudo xohlasa, bu yil albatta Qoraqalpog`iston Respublikasi va Xorazm viloyatida ham konsert dasturimizni taqdim etamiz. Ayni kunlarda, Navoiy viloyatidagi konsert dasturimizni nihoyasiga etkazib, Samarqandga yo`l olganmiz. 26 may kuni Nukus, 27 may kuni Xorazm viloyatlarida o`zimizning «Shukrona» nomli konsert dasturimiz bilan mehmon bo`lamiz. Hali ungacha Samarqand viloyati, Qashqadaryo va Jizzax viloyatlarida konsertlarimiz bor.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!