Xalq tabobatida sinalgan usullar bilan qazg`oqdan xalos bo`lamiz

14:31, 18 may

Ko`ylagingiz yoqasiga, elkangizga to`kilgan qazg`oqlar haqida nima deyish mumkin? Ayollar qanchalik go`zal bo`lishga harakat qilishmasin, qazg`oqlar ularning harakatlarini puchga chiqaradi. Bundan soch turmagingiz pala-partishday, kiyimlaringiz esa iflosday ko`rinadi. Qazg`oqning paydo bo`lishiga soch ildizidagi yog`li muhitda yuzaga kelgan zamburug`lar sabab bo`ladi. Ular sababli teri hujayralari halok bo`lib, qurib qoladi va egalarining elkalariga to`kiladi. Qazg`oqni nafaqat tibbiy dori-darmonlar, balki xalq tabobatidan foydalanish yo`li orqali ham davolash mumkin. Qazg`oqqa qarshi ishlatiladigan shampunlar, maxsus zardoblar, nikotin kislotasi yordamida unga kurashish mumkin. Ammo bu vositalar qanchalik foydali bo`lmasin, tez-tez almashtirishga to`g`ri keladi.   

Sochlarni chayish

Sochlarni ikki qayta yuvgach, sirka aralashtirilgan nordon suvda chaying. Sirka bo`lmagan taqdirda limon sharbatidan ham foydalanishingiz mumkin, uni to`rtta limon sedrasidan tayyorlash mumkin. Limon sedrasi maydalanib, bir litr suvga qo`shiladi va yarim soat qaynatiladi. Qaynab, sovitilgach, tindirilgan qaynatmada soch chayiladi. 

Soch chayish uchun qichitqi o`t va piyoz po`chog`idan ham damlama tayyorlash mumkin. 1 stakan qaynoq suvga 1 osh qoshiq qichitqi o`t solinadi. Damlama sovigandan keyin sizdirib olinadi va soch chayiladi. Piyozli damlama uchun 50 gramm piyoz po`chog`i 1 litr qaynoq suvga solinadi. Bu damlamalar nafaqat qazg`oqni yo`q qiladi, balki sochning yaltirab turishiga ham sabab bo`ladi.

Soch uchun niqob

Eng oddiy niqob uchun 6 choy qoshiq suv va 2 choy qoshiq sirka olinadi. Bu aralashma uxlash oldidan sochga surtilib, sellofan paket kiyiladi va o`rab qo`yiladi. Uyg`ongandan keyin sochingizni yuvishingiz mumkin.

Bundan tashqari niqob uchun kalendulali niqobdan ham foydalanish mumkin. U boshqa surtilgandan keyin 30 daqiqa turishi lozim.

Qazg`oqni yo`qotishda sut mahsulotlari ham yordam beradi. Qatiq yoki kefirni yarim soatga boshga surtib qo`yish, keyin xantalli damlama bilan chayish lozim (1litr suvga 1 osh qoshiq xantal solinadi).  

Agar qazg`oq quruq bo`ladigan bo`lsa, zaytun yog`idan foydalanish mumkin. Bunday niqobni tayyorlash uchun 4 osh qoshiq zaytun yog`i va yarimta limon sharbati kerak bo`ladi. Niqob surtilgandan 15 daqiqa o`tgach, yuvib tashlanadi va bosh massaj qilinadi.

Navbatdagi niqob uchun sizga kosmetik loy va sirka kerak bo`ladi.

O`n osh qoshiq kosmetik loyga 4 osh qoshiq sirka qo`shiladi. Mahsulotlar bir xil eritma holiga kelgunga qadar aralashtiriladi. Agar aralashma suyuq bo`ladigan bo`lsa, yana loy, mabodo quyuq bo`ladigan bo`lsa sirkadan ko`proq qo`shing.

Sochingizni shampun bilan yaxshilab yuvgandan keyin loyli pyureni boshingizga surting va sellofan paket kiyib, 20-30 daqiqa o`tiring, keyin yuvib tashlang. 
Sirkaning hidini ketkazish uchun sochingizni qayta-qayta yuvib, sevimli atiringizdan birini sepib oling. Qazg`oq va qichishish bir zumda yo`q bo`ladi.

Sochlar sog`lom bo`lishi uchun ovqatlanish rasioniga ham katta e`tibor berish lozim. Qovurilgan, yog`li, achchiq taomlar va spirtli ichimliklar ham unga yomon ta`sir qiladi. Ko`proq sabzavot, yong`oq, baliq, vitamin, mol go`shti va sut mahsulotlarini iste`mol qiling. Bunday sa`y-harakatlaringiz ko`p kuttirmaydi,  u tezda o`z samarasini beradi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!