“O`zekspomarkaz”da “O`zbekiston neft va gazi – OGU-2016” XX xalqaro ko`rgazmasi ochildi

09:25, 19 may

Mazkur ko`rgazma  “O`zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, O`zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investisiyalar va savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, “ITE Uzbekistan” xalqaro ko`rgazmalar kompaniyasi va “ITE” kompaniyalar guruhi hamkorligida tashkil etildi. 

Neft-gaz sanoati mamlakatimiz iqtisodiyotining etakchi tarmoqlaridan biri. O`zbekiston gaz qazib olish bo`yicha dunyoda etakchi mamlakatlar qatorida turadi. Mustaqillik yillarida mamlakatimiz gaz, polietilen va qayta ishlangan neft mahsulotlarining yirik eksportchisiga aylandi. 

Har yili o`tkazib kelinayotgan “O`zbekiston neft va gazi – OGU” xalqaro ko`rgazmasi mamlakatimiz neft-gaz sanoatining ulkan salohiyatini namoyon etish barobarida sohaga xorij sarmoyasini keng jalb etish, chet ellik hamkorlar bilan birgalikda yangi istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish uchun qulay zamin yaratmoqda. Yigirmanchi bor o`tkazilayotgan mazkur xalqaro forumda O`zbekiston, Xitoy, AQSh, Janubiy Koreya, Singapur, Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Chexiya, Norvegiya, Avstriya, Shveysariya, Rossiya, Bolgariya, Polsha, Ruminiya, Turkiya, Qozog`iston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Eron, Umon, Indoneziya, Malta kabi davlatlardan 200 dan ortiq kompaniya o`z mahsulotlari va xizmatlari bilan ishtirok etmoqda.

“OGU-2016” ko`rgazmasi mutaxassislarga neft va gaz qazib olish, uglevodorodlarni tashish, qayta ishlash borasida milliy va xorijiy kompaniyalar erishgan eng so`nggi yutuqlar bilan yaqindan tanishish hamda istiqbolli loyihalarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ko`rgazma pavilonlaridan neft va gaz qazib olish, qayta ishlashni jadallashtirish imkonini beradigan zamonaviy texnologiyalar joy olgan. Jahonning etakchi neft-gaz kompaniyalari neft va gazni tashish texnologiyalari, neft-gaz konlarini qidirish va o`zlashtirish, geodinamika, geofizika hamda uglevodorod salohiyatiga oid ishlanmalar bo`yicha o`zlari erishgan eng so`nggi yutuqlarni namoyish etmoqda. 

Xalqaro ko`rgazmada neft va gaz qazib olish (texnologiyalar va uskunalar), neft va gaz quduqlari: qurish va foydalanish, neft va gazni qayta ishlash, saqlash va tashish, neft kimyosi, neft mahsulotlari ishlab chiqarish, neft va gaz sanoati inshootlarini loyihalashtirish va barpo etish, geologiya, geofizika, seysmik uskunalar va xizmatlar, quvurlar, gaz turbinalari, ixtisoslashtirilgan materiallar va uskunalar, nazorat-o`lchov asboblari, texnika xavfsizligi hamda yong`indan himoya, ekologik xavfsizlik, muqobil energetika, sanoat avtomatizasiyasi, xizmatlar, aloqa va telekommunikasiyalar kabi bo`limlar ishlab turibdi. 

“OGU-2016” ko`rgazmasi doirasida “Uz-Prista Recycling” O`zbekiston – Bolgariya qo`shma korxonasining ochilish marosimi ham bo`lib o`tdi. “Angren” maxsus industrial zonasida barpo etilgan mazkur korxona motor, tishli g`ildirak va reduktorlar uchun moylar, gidravlika suyuqliklari va bitum ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Zavod yiliga 43 ming tonna ishlatilgan texnik moyni qayta ishlash orqali 30 ming tonnagacha moy ishlab chiqarish quvvatiga ega. Mahsulotning qariyb 40 foizi eksportga mo`ljallanmoqda. 
Ko`rgazmaning ochilishida O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari G`.Ibragimov, Bolgariya Respublikasi Bosh vaziri B.Borisov so`zga chiqdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!