Avtomobilga tabiiy ofat etkazgan zararni sug`urta kompaniyasi qoplaydimi?

10:24, 20 may

Shu oy respublikamizning ayrim hududlarida kuchli shamollar kuzatildi. Ayniqsa, Toshkent shahridagi tabiat hodisalari aholini biroz qo`rquvga ham soldi. Shamol natijasida ko`plab daraxtlar avtomobillar to`xtash joyi va yo`lning qatnov qismlariga qulab tushdi.

Shuningdek, ba`zi uylarning tomlari zarar ko`rdi. Aksariyat hududlarda simlar to`qnashuvi oqibatida elektr energiyasi ta`minotida uzilish yuz berdi. Poytaxtning markaziy ko`chalari bo`ylab katta hajmdagi reklama bannerlari, yo`l yoqasidagi daraxtlar va ayniqsa aholi turar joylari oldida qoldirilgan avtomashinalar ham yaxshigina zarar ko`rdi. Shu kunning o`zidayoq internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining turli mavzelarida kuchli shamol natijasida ro`y bergan noxush holatlar aks etgan video va suratlar namoyon bo`la boshladi.

Ular ichida eng e`tiborni tortgani ko`p qavatli uylar oldida turgan, zararlangan avtomashinalar bo`ldi. Tabiiyki, internet foydalanuvchilari orasida bu holat qizg`in munozaraga sabab bo`ldi. Ya`ni, kimdir ushbu shikast etgan avtomashina zararini sug`urta kompaniyasi to`lab berishi lozim, deya izohlasa, yana bir ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi, bu kabi tabiiy ofat sabab etkazilgan zarar badali uchun sug`urta kompaniyasi javobgar emas, deya ta`kidlamoqda. Xo`sh, aslida-chi?

SUG`URTA TURIGA BOG`LIQ...

Ortiqxo`ja Norov, “O`zbekinvest” eksport-import milliy sug`urta kompaniyasi matbuot xizmati boshlig`i:

  • Avvalo, shuni aytib o`tish joizki, sug`urtaning majburiy hamda ixtiyoriy turlari mavjud. Agar avtomashina ixtiyoriy sug`urta turi buyicha sug`urtalangan bo`lib, sug`urta shartnomasida sug`urta holatlari sifatida sodir bo`lgan tabiiy ofat oqibatida etkazilgan zararning qoplanishi belgilangan bo`lsa, bunday holda albatta sug`urta kompaniyasi etkazilgan zararni to`lab beradi.

Respublikamizda amaldagi “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug`urta qilish to`g`risida”gi (TVEFJMS) Qonunga muvofiq, sug`urtalovchining uchinchi shaxs oldidagi javobgarligi sug`urtalangan bo`lib, uning hayoti, sog`lig`i va mol-mulkiga ushbu sug`urta hodisasi oqibatida etkazilgan zararning o`rnini shartnomada shartlashilgan haq, ya`ni sug`urta mukofoti evaziga sug`urta puli doirasida qoplash majburiyatini oladi. Bunda tabiiy ofat sug`urta hodisasi sifatida ko`zda tutilmagan.

  • MA`LUMOT UChUN

Ayni paytdagi transport vositalarini majburiy sug`urta qildirish to`lovi 4 ta jihatga:

  • Transport vositasining ot kuchiga ko`ra;
  • Haydovchining staji;
  • Haydovchining yoshi;
  • Hudud kategoriyasiga ko`ra belgilanadi.

Masalan, 41 ot kuchiga ega avtomashina, 22 yoshdan oshgan va 5 yildan ortiq stajga ega haydovchining Toshkent shahridagi transport vositasi uchun 1-marta sug`urta to`lovi 48.875 so`mni tashkil etadi.

  • : sug`urta to`lovi so`mmalari ayni paytdagi AQSh dollarining Markaziy bank kursi bo`yicha hisoblab chiqarilgan.

Guvohi bo`lganingizdek, xoh ixtiyoriy bo`lsin, xoh majburiy, har qanday vaziyatda ham transport vositalarini sug`urta qildirish qator afzalliklarga ega. Muhokamayu munozaralarga sabab bo`lgan tabiiy ofat natijasida nafaqat zarar ko`rgan avtomashina egalari, balki ushbu sahifani o`qiganlar ham bugungi kunda ixtiyoriy sug`urtaning ham o`ta ahamiyatli ekanligini his etishsa, ajabmas.

Farida EGAMBERDIEVA tayyorladi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!