Saratondan 12 yil davolangan moskvalik ayol 46 yoshda farzandli bo`ldi

13:33, 20 may

46 yoshli Davlat dumasi deputati Elena Nikolaevnaning hayotida haqiqiy mo``jiza ro`y berdi, deb xabar berdi “Sosmopolitan” nashri.

Shifokorlar unga “ko`krak bezi saratoni” degan dahshatli tashxis qo`yishdi. Uning farzand ko`rish haqidagi gaplarini vrachlar eshitishni ham istashmadi, chunki ayolning hayoti xavf ostida edi. Ammo Elena bunday vaziyatda taslim bo`lishni istamadi va g`alaba qozondi.

Elena 28 yoshda ekanligida dahshatli tashxisdan xabar topdi, bu paytda uning kichkina qizalog`i bor edi. U kimyoterapiya muolajasidan voz kechgandan keyin vaziyat og`irlashdi. “Shifokorlarning aytishicha, menga qo`yilgan tashxis bilan yashashning, tuzalib ketishning imkoni bo`lmagan. Men dunyoda bu darddan xalos bo`lgan yagona odamman!”, dedi quvonch bilan Elena “Komsomolskaya pravda” gazetasiga bergan intervyusida. 

Elena qizalog`ini dunyoga keltirib, unga ko`krak tutayotganda, ko`kragining qattiqlashganini sezadi. “Oradan ma`lum vaqt o`tgach, ko`kragim shishib, tugunlar paydo bo`ldi. Kichkina bez bir-ikki haftadan keyin tuxum kattaligiga ega bo`ldi. Buni ko`rib, ahvolim chatoqligini his qildim. Meni zudlik bilan kasalxonaga yotqizishdi va ko`kragimni operasiya qilishdi. Operasiya jarayonida bezlar bitta emas, bir nechtaligi aniq bo`ldi”, deb hikoya qiladi ayol.  

Elena umumiy hisobda o`ndan ortiq operasiyani boshdan kechirgan. Bu operasiyalar natijasida bezlar metastaza berib, tananing boshqa a`zolariga tarqala boshlagan. Vrachlar endi davolashning iloji yo`q deyishdi. Bundan kayfiyati tushgan Elena Amerikaga yo`l oladi, u erdagi onkologlar ham moskvalik vrachlarning tashxisini tasdiqlashadi. 

Elenani og`ir kechinmalardan ishonch va duolar qutqardi. Dori-darmonli terapiya va yana bir necha limfatugunlarning operasiyasi ko`p o`tmay, o`z samarasini beradi. Tahlil natijalarini ko`rgan vrachlar hayratdan yoqa ushlashadi, chunki metastazlar yo`qolgan edi. Tahlil natijalarini o`rgangan amerikalik olimlar buni “rus mo``jizasi” deb atashdi. Onkologiya tarixida bunday mo``jiza kamdan-kam holatda uchraydi. 

Operasiyadan ikki yil o`tgach, ko`p bolali ona bo`lishni orzu qilgan Elena yana bir farzandni dunyoga keltirishni istaydi. Tibbiyot xodimlari unga xonanda Janna Friskening boshidan kechirganlarini — homilador bo`lgach, kasallik kuchayib ketganligini eslatishadi.  

Barcha vahimali bashoratlarga qaramay, Elena 46 yoshida o`g`lini dunyoga keltirdi va dunyo ahliga vrachlar har qanday qo`rqinchli tashxisni qo`yishmasin, engilmaslikni, umid-ishonchni yo`qotmaslikni, iroda kuchiga tayanishni isbotlab berdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!