"Yoshlar" telekanalida namoyish etilayotgan hind serialiga e`tiroz bildirildi

16:16, 20 may

O`zbekiston televideniesining tomoshabinlari navbatdagi  tanqid “tosh”larini “Yoshlar” telekanali orqali namoyish etilayotgan “Kelin” serialiga “uloqtirishdi”.

Feysbukdagi “Maslahat.uz” guruhi a`zolaridan biri "MTRKning “Yoshlar” telekanali va uning hindsevar rahbariyatiga!”, deya shikoyat xati yozib qoldirdi.

Xatda shunday deyiladi:

“Butun dunyoda minglab seriallar yaratilayotgan bir vaqtda “Yoshlar” kanali bizga “25-kadr” orqali behayolikni targ`ib etayotgan hind filmlarini namoyish etishdan charchamayapti.

Eng avvalo, film vaqtini olaylik: 19:30, ya`ni butun oila kechki ovqatga jamlanadigan vaqt. Sizningcha, shu filmlarni oila davrasida ko`rish mumkinmi? O`pib, quchoqlab, bemaza hazillar qiladigan, "Sen qachon homilador bo`lasan?", “Kiyimimni orqasini echib yuboring”ga o`xshash bemaza kadrlarga boy filmni oila davrasida qanday ko`rish mumkin?

Kechirasizlaru, o`zbek xalqi sizlardan bunaqa film qo`yishingizni so`ramagan! Undan ko`ra multfilm ko`rganimiz afzalroq!

“Yoqmasa ko`rma!” deyishga shoshilmanglar, chunki uy bekalari sevimli seriallarini (aslida hechqanaqa sevimli emas, shunchaki ko`raverib, ko`rishga o`rganib qolgan!) o`tkazib yuborishga yo`l qo`yishmaydi.

Yana bir tarafi: ko`plab oilalarda soat 18:00dan 21:00gacha bolajonlarning ekran oldiga “mixlanib” oladigan vaqti hisoblanadi. Lekin afsuski, bolajonlarimiz shunaqa bema`ni seriallar tomosha qilib ulg`ayishmoqda”.

Shikoyat xati muallifi, shuningdek, yaqinda aynan “Yoshlar” telekanalida namoyish etilgan va ko`p sonli internet foydalanuvchilarining noroziligiga sabab bo`lib, tom ma`noda ularning harakati bilan efirdan olib tashlangan “Senga oshiqman” seriali va uning oqibatini ham tilga olgan: “Shu serialdan keyin qizlarimiz elkasining orqa tarafi keng ochiq bo`lgan kiyimlarni moda qilib olishdi, kimdir o`z qiziga "Ishani" deb ism qo`ydi”, - deydi muallif.

Xat so`nggida muallif “oilaviy yig`ilib televizor tomosha qilganda sevgi-muhabbat, ehtiros va hokazo filmlarni emas, odamni dunyoqarashini kengaytiradigan, qiziqarli filmlar ko`rish” istagi borligini aytgan.

Mazkur tanqidiy postni foydalanuvchilarning aksariyati qo`llab-quvvatlagan. Ulardan biri o`zimizning milliy urf-odatlarimizni targ`ib qiladigan, oila davrasida birgalikda ko`rib, ibrat olgulik seriallarni ishlab chiqarishsa, nur ustiga a`lo nur bo`lishini aytgan.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!



Гость 16:27, 23 may
Бу вактда кизикарли хамда тарбиявий ахмиятга эга курсатувларни куйсалар максадга мувофик буларди