Er va xotin o`rtasidagi iste`molchilik munosabatlarining 4 belgisi

13:41, 21 may

Aksariyat juftliklarning hayotida shunday payt keladiki, bunda erkak xotinini xuddi xizmatkorday, ayol esa erini pul topish manbai deb qabul qiladi, deb ma`lumot beradi “Lady.mail.ru” nashri. 

Er-xotinning bir-biriga nisbatan bo`lgan bunday munosabati iste`molchilik munosabatlari deb ataladi. Ularning orasida ilgarigi iliqlik, ruhiy yaqinlik yo`qolganligini quyidagi misollar bilan sizga tushuntirishga harakat qilamiz.

Agar juftlardan biri ikkinchisida faqat uning ehtiyojlarini qondirish vazifasini bajaradigan odamni ko`radigan bo`lsa, bu iste`molchilik munosabatlari deb ataladi.

Agar bu so`zning ma`nosiga e`tibor beradigan bo`lsak, u juda yomon ma`noda ishlatilmaydi. “Sendan ugina mendan bugina” degan bunday munosabatlar bir necha asrlar ilgari yuzaga kelgan bo`lib, er va xotinning vazifalari aniqlik bilan belgilab qo`yilgandi. Shuning uchun yigitlar uylanayotganda iloji boricha baquvvat, ham sog`lom farzandni dunyoga keltira oladigan, ham dalada ishlashga kuchi etadigan qizlarga uylanishgan. Erkakning ham, ayolning ham bajarishi kerak bo`lgan vazifalari aniq bo`lgan.  

Er-xotin o`rtasida mehr-muhabbatning o`rnini iste`molchilik talablari egallaganligini quyidagi belgilardan bilib olish mumkin.

1 belgi: “Sendan ugina, mendan bugina” savdosi

Ayolning fikri: “Bolani bog`chadan bugun men olaman, siz esa axlat chelakni to`kib keling”, “Men dugonalarim bilan kafega boradigan bo`lsamgina, siz ham do`stlaringiz bilan barga borasiz”, “Agar shu qimmat telefonni sotib oladigan bo`lsangiz, men fitnesga qatnashaman”.

Erkakning fikri: “Agar uyda ro`zg`orni, bolalarni eplab o`tirsang, sutkalab ishlab, amal pillapoyalaridan yuqorilashim mumkin”, “O`g`il tug`ib bersang, tilla zanjir sovg`a qilaman”, “Agar ozsang, dam olishga dengizga boramiz”.

Bir tarafdan uy yumushlarini er-xotin o`rtasida taqsimlashning hech qanday yomon tomoni yo`q, ammo bu taxminiy ro`yxat orqali er-xotin bir-biriga oddiy insoniy munosabatlarni ham yuklamoqchi bo`lsa, ular bir-birini haddan tashqari vazifa bajaruvchi sifatida qabul qilishayotgan bo`ladi. 

2 belgi: “Siz buni bajarishga majbursiz” degan talab

Har bir inson orzusida ideal juftini yaratadi. Erkak kishi chiroyli, xushmuomala, pazanda, oqila, chaqqon ayol haqida orzu qilsa, ayol esa kuchli, o`ziga ishongan, g`amxo`r, e`tiborli erkak haqida o`ylaydi.

Turmush qurgandan keyin esa erkak ham, ayol ham orzusi ro`yobga chiqishini istaydi. Hech kim birovning idealidagi odamga o`xshashga majbur emas. “Sen yoki siz buni bajarishga majbursiz” degan talab paydo bo`ladigan bo`lsa, ular bir-birini inson sifatida emas, balki muayyan vazifani bajaradigan buyum sifatida qabul qilishayotgan bo`ladi.

Mabodo ayolning changga allergiyasi bo`lib, uy tozalash uchun o`zi ishlab topgan puldan bu ishni bajarish uchun birovni yollaydigan, erkak bundan norozi bo`ladigan bo`lsa, bunday holat iste`molchilik munosabatlarining yuzaga kelganini bildiradi.

3 belgi: Juftining “xizmati” sifatidan norozi bo`lish

Har qanday iste`molchi sotib olgan molining sifatidan norozi bo`lishi mumkin. Bunday norozilik er va xotin o`rtasida ham ro`y beradi:

“Buncha epsiz, noshud ayol bo`lmasang?” deydi erkak.

“Buncha omadsiz, dangasa erkak bo`lmasangiz?” deydi ayol.

Bir-biriga ozgina bo`lsa ham mehr-muhabbati saqlanib qolgan juftlar bunday so`zlarni ishlatishmaydi, kamchiliklarini ko`rsatish uchun bu so`zlarni boshqacha, yumshoqroq tarzda ishlatadi.

4 belgi: Baxtli kelajakni va`da qilish

Ba`zi bir erkaklar xotiniga “Ko`proq pul topsam, asablarim joyiga tushib, senga kamroq baqiradigan bo`laman”, “Hali senga shunday taqinchoqlar olib berayki, boshqalarning hasadi kelsin” qabilida va`dalar berishadi. Aksariyat ayollar bunday gaplarga ishonishadi. Aslida esa bunday va`dalarning zamirida “ko`proq menga e`tibor ber, bundan ham ko`proq ber” degan ma`no yotadi. Baxtli kelajak haqida gapirib juftlar bir-biridan foydalanishadi. Bunday munosabatlar ba`zi juftlarni qoniqtirishi mumkin, ammo ulardan biri o`zini noqulay his qiladigan bo`lsa, munosabatlarda nimanidir o`zgartirishga to`g`ri keladi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!