Toshkentda ShHTga a`zo davlatlarning Tashqi ishlar vazirlari yig`iladi

10:35, 23 may

23-24 may kunlari O`zbekiston Respublikasining Shanxay hamkorlik tashkilotiga (ShHT) raisligi doirasida Toshkent shahrida ushbu tashkilotga a`zo davlatlarning tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi majlisi bo`ladi. 

Shu munosabat bilan poytaxtimizda mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o`tkazildi. Unda O`zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining o`rinbosari A.Nosirov jurnalistlarga ushbu majlisga tayyorgarlik jarayoni, yig`ilish kun tartibi, muhokama etiladigan masalalar haqida ma`lumot berdi. 

ShHT faoliyatida tashqi ishlar vazirlari kengashi alohida o`rin tutadi. Ushbu kengash ShHT organlari qarorlari ijrosini va umumiy muvofiqlashtirishni ta`minlovchi markaziy bo`g`in hisoblanib, tashkilot doirasida hamkorlikni mustahkamlash bo`yicha turli yo`nalishlarda takliflar kiritadi. 

Ta`kidlanganidek, majlisda tashqi siyosat mahkamalari rahbarlari tomonidan shu yil iyun oyida Toshkentda o`tadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi yig`ilishining kun tartibi loyihasi, sammitda imzolanishi rejalashtirilayotgan hujjatlar ko`rib chiqiladi. 

Tashkilot doirasini kengaytirishda ShHT faoliyatini yanada takomillashtirish masalalariga alohida e`tibor qaratish mo`ljallanmoqda. Tashqi ishlar vazirlari yig`ilishida Hindiston va Pokistonni ShHTga a`zolikka qabul qilish bo`yicha ushbu davlatlarning vakolatli vakillari bilan olib borilayotgan muzokara jarayoni ko`rib chiqiladi. 

Majlisda Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, ShHTni boshqa xalqaro tuzilmalar bilan aloqalarini kengaytirish, ShHTning kuzatuvchi davlatlari va muloqot bo`yicha sheriklarini tashkilot doirasida amaliy hamkorlikka keng jalb etish masalalari muhokama qilinadi. 

Tashqi ishlar vazirlari yig`ilishida tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash sohasida Shanxay hamkorlik tashkiloti oldida turgan vazifalar, ShHTga a`zo davlatlarning barqaror rivojlanishini ta`minlash, terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo`yicha qo`shma chora-tadbirlarni qabul qilish, madaniy va iqtisodiy sohalarda o`zaro hamkorlikni kengaytirishga oid masalalar muhokama etilishi kutilmoqda.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!