Toshkentda Isuzu avtobusi va 3 ta avtomobil ishtirokida YTH yuz berdi(Foto)

11:12, 25 may

Kecha, 24 may kuni Toshkent shahridagi Bobur va Shota Rustavelli ko`chalari kesishgan chorraha(Teatralnaya)da Chorsu-Sergeli yo`nalishida qatnovchi 126- sonli avtobus va 3 ta avtomobil ishtirokida YTH sodir bo`ldi. Bu haqda Facebook`ning “Voditeli Tashkenta” guruhida fotoxabar qoldirildi. 

Suratlarda avtobusning yo`l chetida qoldirib ketilgan Nexia va Captiva avtomobillariga jiddiy zaraz etkazganini ko`rish mumkin. Hodisa guvohlarining aytishicha, avtobus 3 ta avtomobilni urib yuborgan. Ammo, yana bir zararlangan avtomobil esa suratlarda ko`rinmagan.

Guvohlarning aytishicha, Matiz avtomobili avtobusning yo`liga chiqib ketgan. Buning oqibatida esa avtobus haydovchisi rulni o`ng tomonga burib, yo`l chetida turgan avtomobillarni urib yuborgan. Zarb natijasida Nexia avtomobili ariqqa tushib ketgan, Captiva`ning esa orqa tomoni majag`langan.

Aksariyat internet foydalanuvchilari bu vaziyatda avtobus haydovchisining tezlikni oshirishi oqibatida yo`l-transport hodisasi kelib chiqqanini taxmin qilmoqda. Biroq, avtobusning yo`liga chiqib ketgan Matiz avtomobilini qoralovchilar ham topilmoqda. 

“Yana o`sha Matiz. Shaharda sodir bo`layotgan YTHlarning hammasida albatta mana shu avtomobil ishtirok etadi. Matiz haydovchilari yo`l chetidan odam olish istagida boshqalarning yo`liga chiqib ketaveradi”,—deb yozdi foydalanuvchilardan biri. 

YTH oqibatida hech kim jabrlanmagan. Avtobus yo`lovchilaridan birining aytishicha, hech kimga zarar etmagan bo`lsa-da, hamma qattiq qo`rqib ketgan.

Yo`l-transport hodisasi keng muhokama qilinayotgan postga Isuzu haydovchisining qo`shnisi ham qo`shildi. 

“Avtobus haydovchisi mening qo`shnim. Hali biror marta ham yo`l qoidalarini buzmagan”,—deb yozdi o`zini haydovchining qo`shnisiman, deb tanishtirgan foydalanuvchi.

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!