Alisher Uzoqov: “Pichoqqa ilinadigan rollarim yo`q”(Eksklyuziv)

12:11, 25 may

Sahifamiz qahramoni bilan san`atda nom chiqarishidan avval tanishganmiz. Ancha quvnoq, kirishimli edi. Yillar «tegirmon»i uni yaxshigina sinovdan o`tkazdi. Oq-qora «yo`lak»chalardan yurib, charxlandi. Taqdirning bu burilishlari uning foydasiga xizmat qildi. Balki shu sababdir, hozir anchayin jiddiy, falsafiy fikrlaydi. Aktyor, xonanda, rejissyor Alisher UZOQOV bilan ochiq-oydin o`tgan suhbatni o`qib bunga o`zingiz ham amin bo`lsangiz ajabmas… 
 
— San`atga qadam qo`ygan har bir ijodkorga o`z o`rnini topish hamda uni yo`qotib qo`ymaslik baxti nasib etavermaydi. Bu siz uchun qay darajada qiyin va muhim?

— Bu men uchun u qadar muhim emas. Balki institutni tugatgan vaqtlarim yoshlikning orzulariga ko`ra san`atda o`rin egallashga harakat qilgandirman. Lekin hozir asosiy maqsadim – o`zimdan tarixda qoladigan san`at asari qoldirish. Ya`ni, ma`naviy ozuqa olsa bo`ladigan ijod mahsullari qoldirish kerak. Lekin men hali buning uddasidan chiqa olmadim.

— «Pichoqqa ilinadigan» rollaringiz bormi? 

— Yo`q.

— Buni ochiq tan olasizmi?

— Albatta! Aktyor bu – ijrochi. Rejissyorning chizgan chizig`idan chiqmay, ssenariyga ko`ra ishlaydigan ijodkor. Shu bois aktyor sifatida o`zidan xalqqa ma`naviy ozuqa beradigan rollar qoldirish qiyin. Lekin rejissyorlik ishim - «Kuzda gullagan daraxt» filmida tomoshabinga aytmoqchi bo`lgan gaplarimni katta ekranga olib chiqa olganman, nazarimda. 

— Mashhur to`rtlik Ulug`bek Qodirov, Adiz Rajabov, Farrux Soipov, Alisher Uzoqov yaqin tarixda qolgandek. Bu davr shu qadar tez o`tib ketishi haqida o`ylaganmisiz?  

— Tez o`tadi, deb o`ylamagandim. Vaqt oqar suv ekan, o`sha davrdan foydalana olmadim. Chunki bu faqat menga bog`liq bo`lmay qolgandi. O`sha davrga saviyasi past filmlar to`g`ri kelib qoldi. Biroq tanqid qilingan, men  ishtirok etgan «Janob hech kim», «Telba», «Tundan tonggacha» va siz ta`kidlagan aktyorlar rol o`ynagan kinokartinalar darajasidagidek filmlar ham yo`q-ku hozir! Ochiq aytaman, bugungi o`zbek kinosidagi holat meni qoniqtirmaydi. Sababini tushuntiraman, xususiy filmlarning boshlanishi omadli bo`ldi. 5-6 yil zo`r filmlar ishlandi va ularning aksariyati chet elda mukofotga ham loyiq topildi. Bu san`atga aloqasi bo`lmagan «ijodkor»larni ruhlantirib yubordi. Hamma yoppasiga film suratga olishga o`tdi hamda yuqori darajaga chiqa boshlagan o`zbek kinosi saviyasini pasaytirib qo`ydi. Savolingizga qaytsak, nokamtarlikka yo`ymang-u, shunday davr bo`ldiki, el nazariga tushgan aktyor-aktrisalar etishdi. Tan olish kerak, hozir o`sha davrdagidek yosh aktyor-aktrisalar yo`q. Rejissyorlik ishim uchun aktyor izlaganimda ham topolmadim.    

— Oyning o`n beshi qorong`u, o`n beshi yorug`, ekaniga ishonadiganlar toifasidanmisiz yo taqdirga tan beradiganlar?

— Hayotga real qarayman. Qora «yo`lak»chalar doim yaxshilikka xizmat qiladi.

— «Muxlislar bevafo», degan fikrni ko`p takrorlardingiz. Katta ekranlarda ko`rinmay qo`yganingizda bu fikringiz qanchalik o`z isbotini topdi?

— Davlat tadbirlari bilan viloyatlarda gastrollarda yuribmiz. Muxlislar haliyam yaxshi ko`rishar ekan (samimiy kuladi). 

— Ijoddagi omadsiz «yurish»laringiz qaysi hamkasblaringizga imkon bo`ldi?

— (Kuladi) Hech kimga. «Zo`rdan zo`ri chiqadi», lekin hali undayini ko`rmadim.

— «Ikkita kemani boshini tutgan g`arq bo`ladi», degan naql bor. Sizning «qayiq»laringiz esa bir nechta. Kelajakda sizni qay biri qutqarib qolarkan?

— «Yigit kishiga qirq hunar oz», degan naql ham bor (kuladi). Savolingizga aniq javob bersam, rejissura. Bu yo`nalishda anchagina rejalarim bor. Lekin oradan yillar o`tib, kutilmaganda Gollivudda rol o`ynab qolishim ham mumkin. Bu rejalarimdan biri… 

— Savolimga aktyorlik, deya javob bermaganingiz tashqi ko`rinishingiz bilan bog`liq emasmi? 

— Yo`q. Aktyor sifatida endi shakllanayotganim o`zimga sezilyapti. Kuni kecha rejissyor Jahongir Ahmedov bilan bir klipni suratga olish jarayonida kadrga qarab turib, «Kamerani oldida qiyofang boshqacha ko`rinyapti. Hali o`zing istagandek yaxshi rollar oldin-da!» deb qoldi. Albatta, bu e`tirofdan ruhlandim. Lekin rejissyor Yolqin To`ychievning «Hayotda» nomli filmidagi rolimdan maza qildim. Yana shunday rollar o`ynashni istardim.

— Ijtimoiy tarmoqlarda bo`y ko`rsatishingiz shov-shuvlarga sabab bo`ldi. Rasmlaringizga «Ha, men kalman, ko`zim qisiq», degan izoh qoldiradigan bo`ldingiz?!

— «Biz buyuk yurt farzandlarimiz» tadbiri bilan viloyatlarda yurganimizda do`stim Sardor Rahimxon birga tushgan rasmimizni instagram tarmog`idagi shaxsiy sahifasiga joyladi. Birozdan so`ng «Alisher, mana bu izohlarni qara, bari senga atalgan», deb qoldi. O`qisam «Alisher Uzoqov tirikmi?», «Kal bo`lib qolibdimi?» kabi savollar. Shu sabab bo`lib men ham instagramda shaxsiy sahifamni ochdim. Va «Ha, men tirikman, sog`man!» degan izoh qoldirdim. Shundan so`ng bunday savollar kamaydi. Har bir rasmimga «Ya luchshiy lsy», deb xeshteg qo`yadigan bo`ldim. Shunda «Nega unday yozasiz?» deyishga tushishdi. Agar shunday xeshteg yozmasam, «Sochingiz qani?» degan savolning oxiri ko`rinmayati. Qiziq, odamzod na sovuqqa ko`nadi va na issiqqa. Mayli, gapiraverishsin, sog` bo`lishsin! 

— O`zingiz ta`kidlagandek siz haqingizdagi turli mish-mishlar chiqishiga nima sabab bo`ldi?

— «Do`st»larim ko`p-da (kuladi). Baxtimga omon bo`lishsin! Balki meni sog`inishganidan shunday gap-so`zlarni o`ylab topishgandir. Ochig`i, o`rganib ham qoldim. 

— Gastrollarda xalq orasida yurib, eng ko`p eshitgan savolingiz nima bo`ldi?

— «Nega ko`rinmay qoldingiz?»

— Xo`sh?

— Boshqa hamkasblarimga imkon bergandim. Endi boshqa imkoniyat bermayman (miriqib kuladi).

— Este Lauderning «Omad aslida yo`q narsa, faqat mehnatlarim bilan erishganlarim boshqalar ko`z o`ngida omad bo`lib baholanadi», degan fikri yodimga tushdi. Alisher Uzoqovni omad tark etganmi yo mehnat qilmayaptimi? 

— Mening hayotimda omad katta rol o`ynamaydi. Atrofdagilarga ko`rinmayotgan ayni damdagi mehnatimni to`fon oldidagi sokinlikka o`xshatsa bo`ladi.

— O`zbekiston xalq artisti Afzal Rafiqovning Yagosidan ilhomlanib, shu rolni ijro etishni orzu qilardingiz. Istagingiz sizni teatrda ishlash sari etaklay, demayaptimi?

— Xudo xohlasa, yaqin kunlarda teatrga qaytyapman. Qaysi teatrligini hozircha aytmayman. Aktyor sportchidek gap, shu sabab u erda «Bir aktyor teatri» spektaklini qo`ymoqchiman. Yago rolini ijro etishimga esa yana o`n yilcha vaqt bor.

— Anchayin sokin, falsafiy fikrlaydigan bo`lib qolibsiz? 

— (Samimiy jilmayib) Ha. «Ijodiy tanaffus Alisher Uzoqovni ruhan cho`ktiradi», deb o`ylaganlar topiladi. Biroq bu jarayon menga ijobiy ta`sir qildi. Avvalo ko`zim ochildi, yon-atrofim o`z-o`zidan «tozalandi», yonimda barmoq bilan sanarli odamlargina qoldi. Eslasam, bir vaqtlar do`stlarimning sanab, sanog`iga etolmasdim…     

— Bir paytlar «Xalq e`tiboridan qolib ketishdan qo`rqaman», derdingiz.

— Ha, haligacha qo`rqaman. Nolish emas-ku, lekin mashhurlik meni qiziqtirmay qo`ygan. Chunki kasbimdan maqsadim ancha jiddiy. Bilasizmi, san`atkor boy bo`lishi shartmas. U xalqning mehri, olqishi bilan tirik va buni pulga sotib ololmaysiz. Hozir mashhur bo`lish juda oson. Stilistlarning mehnati singgan odam televidenieda bir kunda besh marta klipini aylantirsa bas, u «yulduz».   

— Avvallari aforizm yozardingiz, kitob qilish niyatingiz bor edi? 

— Anchadan buyon aforizm yozmay qo`yganman. Hozir she`r yozyapman, bunga aksariyat «ijodkor»larning ijodi sabab bo`ldi. Ikki yuztacha kishi o`tirgan davrada she`r so`rashdi, o`qidim. Hamma jim bo`lib, ma`nosini chaqishga kirishib ketishdi. Ba`zi «ijodkorlar» vaqt ajratib, aqlini ishlatmay qo`ygan.  She`r yozishdan maqsadim shundaylarni o`yga toldirib, fikrlashga undash.

— Bilaman, shaxsiy hayot shaxsiyligicha qolishi tarafdorisiz. Lekin suhbatni shaxsiy «front»ga burmasam, muxlislaringiz meni kechirmasligi aniq. 

— (Kuladi) o`g`lim Firdavs to`rt yosh, qizim Soliha ikki yoshga to`ladi. Qizim tashqi ko`rinish jihatdan quyib qo`ygandek menga o`xshaydi.

— O`g`lingiz ayni sersavol yoshda ekan. Antiqa savollar berib tursa kerak?

— Yaqinda onasi «Ko`zingga qarab yurmaysanmi?» deb tanbeh bergan ekan. Yarim soatdan keyin onasini oldiga borib, «Oyi, ko`zimga qarolmayapman, qanday qaray?» debdi. O`g`lim ko`ziga qarashga rosa harakat qilganda (miriqib kuladi). Shunday kulgili vaziyatlar ham bo`lib turadi.  

— Farzandlaringizni izdoshingiz bo`lishiga qarshilik qilsangiz kerag-a?

— Albatta. Lekin Xudo bergan bo`lsa, qanchalik to`sqinlik qilmay, baribir orzusini amalga oshiradi. Ammo o`g`limni futbolchi qilish niyatim bor.

— O`zingizning futbolchilik faoliyatingiz boshlanmay tugadimi?

— Yoshlikdan maqsadim futbolchi bo`lish edi, amalga oshdi. Birinchi ligada gol ham urdim. O`tgan yili Oliy liga va birinchi liganing boshqa jamoalaridan takliflar bo`lgandi. Lekin ssenariy yozayotganim bois u takliflarni rad etdim. «Istiqlol» jamoasining vakiliman, biroq hozir ikkinchi ligaga tushib qoldim. Biroq hali xayrlashuv uchrashuvini qilganimcha yo`q.

— Xonandalikda ayni cho`qqiga chiqqan vaqtingiz bariga qo`l siltab ketishga ko`zingiz qiydi. 

— Menga reyting kerakmasdi-da. Shu bois bu borada o`yga tolmaganman. Yaqinda eng oldi bastakorlarimiz bilan tasodifan uchrashib qolganimizda, «Sizga bir qo`shiq yozib beray», degan taklifni bildirishdi. Bu meni juda xursand qildi. Hatto studiyaga bordim, lekin xonandalikka bo`lgan xohish kuchli bo`lmadi. Nazarimda, hozircha xonandalikka bilan shug`ullanishimning vaqti kelmagan.  

Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi.
Fotomuxbir: Islom RO`ZIEV

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!