«Ijtimoiy fikr»: O`zbekistonda har o`ninchi yigit-qiz o`z tadbirkorlik loyihasini rivojlantirishga intilmoqda

14:40, 25 may

«Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o`rganish markazi «O`zbekiston yoshlari: hayotiy qadriyatlar, ma`naviyat, kelajakdagi rejalar» mavzuida ijtimoiy so`rov o`tkazdi.

So`rov davomida bilim olish yoshlarimiz hayotiy qadriyatlari tizimida muhim o`rin egallashi tasdiqlandi. Bu ularning intellektual salohiyatini muntazam oshirishga bo`lgan intilishida o`z ifodasini topmoqda. Yoshlar oliy ta`limning pedagogika, tibbiyot, iqtisodiyot, moliya, axborot texnologiyalari va huquq yo`nalishlari ommalashib borayotganini qayd etgan.

O`tkazilgan tadqiqotda yoshlar bandligi yil sayin ortib borayotgani va ular xususiy tadbirkorlik faoliyatiga kengroq jalb etilayotgani ma`lum bo`ldi. 2016 yilgi so`rov natijalariga ko`ra, ayni paytda har o`ninchi yigit-qiz o`z tadbirkorlik loyihasini rivojlantirishga intilmoqda.

Mustaqillik yillarida yoshlarimiz ongi va dunyoqarashi kengayib, vatanparvarlik tuyg`usi mustahkamlanib bormoqda. So`rov natijalari shundan dalolat beradiki, yoshlarimiz milliy o`zlikni anglashni xalqimiz ma`naviyati, urf-odat va an`analari, davlat mustaqilligi, shonli tariximiz, ajdodlarimizning boy merosi, ona tilimiz va madaniyatimiz bilan bog`laydi. 

So`rovda qatnashgan yoshlarning aksariyati (94,3 foizi) istiqlol yillarida vatanparvarlik tuyg`usi mustahkamlanib borayotganini qayd etgan. Ishtirokchilarning deyarli barchasi, yashash joyi, jinsi, yoshi, oilaviy ahvoli, ma`lumoti, bandligi va millatidan qat`i nazar, shunday fikr bildirgan. Ularning ta`kidlashicha, vatanparvarlik Vatanga sadoqat va muhabbat, uni himoya qilish, mamlakatimizning buyuk kelajagi uchun kurashish, xalqimiz tarixi, madaniyati va milliy an`analarini bilish va hurmat qilish demakdir. 

Tadqiqot davomida sog`lom turmush tarzi masalasi ham o`rganildi va  yoshlarning aksariyati (88,3 foizi) bunga rioya etishi ma`lum bo`ldi. Ishtirokchilarning fikricha, sog`lom turmush tarzi avvalo sport bilan bog`liq. So`rov natijalariga ko`ra, yoshlarning 53,3 foizi sport bilan muntazam, jumladan, har o`ninchisi professional darajada shug`ullanadi va sport razryadiga ega.

O`tkazilgan tadqiqot davomida aksariyat yoshlar (90,8 foizi) kelajakda ta`lim muassasasida (oliy o`quv yurti, kollej va liseyda) o`qib, uni muvaffaqiyatli bitirish,  yaxshi mutaxassis bo`lish va munosib kasb egallash, tadbirkorlik bilan shug`ullanishni rejalashtirayotgani ma`lum bo`ldi. 

Yoshlarimiz o`z hayotidan mamnun va Vatanimiz bilan faxrlanadi. Bu Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yoshlarga oid davlat siyosati hayotga samarali tatbiq etilayotganining yorqin namunasidir.

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!