Farg`onadagi “Universiada – 2016” to`rt xorijiy tilda butun dunyoga tarqatiladi

16:16, 25 may

Farg`ona shahrida oliy o`quv yurtlari talabalari o`rtasida bo`lib o`tadigan “Universiada – 2016” sport o`yinlarining final bosqichiga tayyorgarlik va tadbir jarayonlarini ommaviy axborot vositalarida yoritish masalasiga bag`ishlangan matbuot anjumani o`tkazildi.

O`zbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vazirining birinchi o`rinbosari M.Aliev, musobaqalarni o`tkazuvchi shtab boshlig`i Sh.Sharipov va boshqalar ushbu musobaqaga ko`rilayotgan tayyorgarlik haqida ma`lumot berdi.

Farg`ona viloyatida mazkur musobaqaga katta tayyorgarlik ko`rildi. Joriy yilda ushbu yoshlik va sport bayrami ettinchi bor o`tkazilmoqda. Final bosqichida Qoraqalpog`iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahridan 14 terma jamoa voleybol, qo`l to`pi, futbol, engil atletika, suzish, shaxmat, og`ir atletika, dzyudo, basketbol, yunon-rum kurashi, erkin kurash, boks, taekvondo, tennis, stol tennisi bo`yicha o`zaro bahs olib boradi.

Farg`ona, Ma`rifat, Murabbiylar kabi markaziy ko`chalar tubdan ta`mirlanib, qariyb 5 kilometrlik yo`l rekonstruksiya qilindi. Bellashuvlar o`tkaziladigan 29 ob`ektda keng ko`lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Sport zallari jahon andozalari darajasida jihozlanmoqda.

Farg`ona davlat universiteti, Farg`ona politexnika instituti va boshqa sport maskanlari ishtirokchilar uchun shay holatda. “Universiada – 2016” finali qatnashchilarining yashashi, ovqatlanishi va mazmunli dam olishi uchun barcha sharoit yaratilgan.

Universiada musobaqalarining tantanali ochilish hamda yopilish marosimlariga tayyorgarlik avjida. Unga yoshlar, yurtimizning taniqli san`at ustalari jalb etilgan. Bu shodiyonalar yangi qurilgan “Istiqlol” stadionida bo`lib o`tadi. Binobarin, ishtirokchilar uchun madaniy-ma`rifiy tadbirlar, taniqli shoir va yozuvchilar, san`atkorlar bilan ijodiy uchrashuvlar, tarixiy obidalar, muzey va teatrlarga sayohatlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Universiada o`yinlariga tayyorgarlik ko`rish jarayoni va musobaqalar davomida uni yoritib boradigan matbuot markazi va veb-sayt guruhi tashkil etilgan. Universiadaga tayyorgarlik, uning ishtirokchilari, musobaqalar o`tadigan manzillar va boshqa ma`lumotlar bilan www.universiada-2016.uz  veb-sayt orqali tanishish mumkin. 

Musobaqa kundaligi va natijalari 4 xorijiy tilda butun dunyoga tarqatib boriladi.

 


 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!