Universiada mash`alasi Farg`onaga yo`l oldi

10:52, 26 may

Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi O`zbekiston Fanlar akademiyasi “Fizika-Quyosh” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi Materialshunoslik institutida “Universiada – 2016” sport musobaqalari mash`alasini alanga oldirish marosimi bo`lib o`tdi. 

O`tgan yillardagi Universiada musobaqalarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, katta sportga qadam qo`ygan ko`plab yoshlarimiz o`z g`alabalari bilan mamlakatimizning jahon maydonidagi obro`-e`tibori yanada yuksalishiga hissa qo`shayotir. 

...Maydonga tantanali musiqa sadolari ostida mashhur sportchilarimiz, “Universiada – 2016” sport musobaqalari ishtirokchilari va ularning izdoshlari – o`quvchi-yoshlar kirib keladi. 

Davlatimiz madhiyasi yangraydi. 

Mamlakatimiz yoshlari yuragidagi jo`shqinlikni, qalbidagi shijoatni o`zida aks ettiruvchi “Universiada – 2016” mash`alasini 2012 yili Londonda o`tgan Paralimpiya o`yinlari sovrindori dzyudochi Sharif Xalilov o`t oldirib, maydonga olib kiradi. U mash`alani 2016 yili Janubiy Koreyaning Chonju shahrida akademik eshkak eshish bo`yicha Osiyo saralash musobaqasida g`olib chiqib, XXXI Olimpiya o`yinlariga yo`llanmani qo`lga kiritgan iste`dodli sportchimiz Shahboz Xolmirzaevga tantanali ravishda topshiradi. 

Mash`ala Farg`ona viloyati sari yo`l oladi. 

“Universiada – 2016” mash`alasi olib o`tiladigan shahar va qishloqlarda tantanali marosimlar, sportchilarning chiqishlari o`tkaziladi. Taniqli shoir va yozuvchilar, san`atkorlar, keng jamoatchilik vakillari, o`quvchi-yoshlar ishtirokidagi madaniy-ma`rifiy va sport tadbirlari talabalarning yoshlik, go`zallik, birdamlik bayramiga hamohang kuy-qo`shiq va raqslarga ulanadi.


 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!