Raqslari shov-shuvga sabab bo`lgan Jamila G`ofurova va Oydin Yusupovaning gap-so`zlarga javobi

12:49, 28 may

Yaqinda aktrisalar Jamila G`ofurova hamda Oydin Yusupova bir sayt loyihasi uchun xorijlik xonandalar Shakira va Beyonsening “Beautiful Liar” nomli qo`shig`iga ishlangan klipga taqlid qilgan holda suratga tushishgani haqida xabar bergandik.

Aktrisalar xorijlik xonandalarning klipdagi harakatlarini qo`llagan holda raqs tushib, fonogrammaga mos tarzda lab qimirlatib turishgan. Hech kimga sir emas, xorij san`atkorlarining kiyinish madaniyati, klipdagi harakatlari o`zbek madaniyatiga to`g`ri kelmaydi. Shu ma`noda ko`pchilik muxlislar o`zbek aktrisalarining bu harakatini oqlamagan bo`lsa, aksariyat muxlislar “aktrisa-ku, taqlidchilik mahoratini sinab ko`rishning nimasi yomon?” degandek fikrlar bildirishgan. Biz esa aktrisalarning o`zi bilan bog`lanishga qaror qildik.

— Shakira va Beyonsening klipiga taqlid qilish taklifiga rozi bo`lishingizga nima sabab bo`ldi?

Jamila G`ofurova, aktrisa: — Ijodkor sifatida o`zimga bo`lgan ishonchni tekshirish. Bu loyihada boshqa san`atkorlar ham ishtirok etishgan.

— Lekin aynan Oydin Yusupova ikkingizning ishtirokingizdagi “klip” muhokamalarga sabab bo`ldi!

J.G`.: — To`g`ri. Ochig`i, bunday shov-shuvlarga sabab bo`ladi, deb o`ylamagandim. Yaqinda ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarni ko`rib, avvaliga gap nima haq­da­ligini tushunolmadim. Hatto bu loyihada ishtirok etganimiz yodimdan ham ko`tarilgan ekan. Mazkur loyihadan asosiy maqsad bir kelin-ko`ylaklar salonidagi liboslarni reklama qilish bo`lgan.

— Ko`ylak juda ochiq emasmidi?

J.G`.: — Yo`q, ko`ylakda tana rangidagi mato ishlatilgani uchun ochiqdek tuyulgan bo`lishi mumkin. Libos qomatga mos tikilgani bois ko`zga yaqqol tashlangan, xolos. Klipda kiyimsiz chiqqanim yo`q-ku. Ayollar shu ko`ylakni to`y-hashamga kiyib borishsa, shov-shuv bo`lmaydi-ku?!

— To`yda ular bunday ehtirosli harakatlar qilmaydi-da! Xorij xonandalarining harakatlarini bajarish o`zingizga erish tuyulmadimi?

J.G`.: — Men aktrisaman, yuklatilgan vazifani a`lo darajada bajarib berish bu — kasbim taqozosi. Qolaversa, ehtiros­imni ko`rsata oladigan aktrisaman. Muxlislarim nega hayratlanishdi hayronman. Axir raqs tushgan holatimdagi filmlarim talay­gina-ku?! Ma`suma ayol rollarini o`ynab, birdaniga bunday qiyofada chiqayotganim yo`q. Aktrisa sifatida taqlidchilik borasidagi qirralarimni ochishning yomon tarafi yo`q. Ba`zi aktrisalar “Tomoshabin yomon ko`rib qoladi”, deb bunday loyihalardan o`zlarini olib qochishadi. Men esa aksincha, imkoniyatlarimni sinab ko`rishdan cho`chimayman. Qisqasi, klipda me`yor chegarasidan chetga chiqmaganman.

Bir holatga tushunmayman: ko`pchilik tomoshabinlar “O`zbek filmlari, klip­larini ko`rmayman, ensam qotadi, vaqtim zoe ketadi”, deydi. Xorijlik klip­larni o`z talqinimizda ishlasak, o`zbek mentaliteti yodiga tushib qoladi. Shunday tomoshabinga “Avval o`zimizning ijod mahsulotlarini ko`ring!” degim keladi. Bunday tomoshabin har bir ishdan kamchilik topishga o`rganib qolgan.

Aktrisa Oydin Yusupovadan ham fikr so`ramoqchi edik, lekin u qo`ng`iroqlarimizga javob bermadi. Lekin instagram tarmog`iga loyihadan qo`yilgan rasm ostida qizigan bahsda aktrisa muxlislariga javob qaytardi.

Nima ham derdik, “Kimgadir yoqar lola, kimdir atirgul shaydosi”. Hammaning o`z haqiqati bor. Biz masalaga oydinlik kiritib, aktrisalarning fikri bilan qiziqdik. Xulosa esa sizdan...

Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi.


 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!



Гость 13:33, 14 iyun
Узини ута акилли ва маданиятли килиб курсатади фильмларида у яъни Ойдин,хакикий башараси мана уни!!!