Barun Sobti: “O`zbek rejissyorlaridan taklif tushsa, gonorarni o`ylamasdan rozi bo`lardim”( Eksklyuziv)

12:42, 30 may

“Mening yurtim” telekanalida namoyish etilayotgan “Muhabbat tafti” hind serialidagi Arnav Singx Rezada roli orqali qizlarning yoqimtoyiga aylangan hind aktyori Barun SOBTI Toshkentga tashrif buyurdi. Eksklyuziv suhbatdan sevimli aktyoringiz haqidagi sizni qiziqtirgan savollarga javob topishingiz mumkin...    

— Barun, Toshkentga xush kelibsiz! Yurtimizga taklif qilishganida nimalarni his qildingiz?

— Tashrifimdan o`zim ham xursandman. Toshkentni ekzotik shahar  sifatida bilaman. Uni tezroq ko`rish istagi tug`ilgandi. Yurtingiz juda go`zal ekan, arxitekturasi meni o`ziga mahliyo qildi. Toshkentga kelganimda yaqqol sezilgan holat bu – Hindistonga nisbatan aholining kamligi. Lekin odamlari sodda va juda mehribon ekan. 

— O`zbek filmlarini ko`rganmisiz, qaysi o`zbek aktyorlarini bilasiz?

— Rosti, ko`rmaganman, o`zbek aktyorlarini ham tanimayman. “Mening yurtim” telekanalidagi “Kino life” ko`rsatuviga intervyu berganimda aktrisa Nigina Anorboeva bilan tanishdim (kuladi). 

— O`zbek taomlaridan tatib ko`rishga ulgurdingizmi?

— Kecha to`yga olib borishgandi, biroq dasturxonga Evropa taomlari tortildi. Shu sabab o`zbek oshxonasidan hozircha bexabarman. Lekin bugun oshdan tatib ko`rmoqchiman.  

— “Muhabbat tafti” seriali orqali shu qadar mashhur bo`lib ketishingizni o`ylaganmidingiz?

— Rosti, mutlaqo xayolimga kelmagandi. 

— Serial yana qaysi davlatlarda O`zbekistondagidek mashhurlikka erishgan?

— 58 ta mamlakatda. Lekin hayotimda hech nima o`zgarmadi, o`zligimcha qoldim. O`zbekistonga kelgach, muxlislarim ko`pligiga o`zim guvoh bo`ldim. Bu yoqimli jarayon (samimiy kuladi). Ishimni a`lo darajada bajarish “dardi”ga chalinganim uchun mashhurlik “kasal”ligi yonimga yaqin yo`lolmadi. Umuman mashhurlik “kasal”ligiga chalingan hamkasblarimni aqldan ozgan odamlar, deb o`ylayman. Chunki mashhurligiga mahliyo bo`lib, u bilan ovunishdan zerikarli ish bo`lmasa kerak. 

— Hayotda ham serialdagidek sovuqqon, jiddiymisiz? Boisi suhbatni boshlagunimizga qadar kulganingizni ko`rmadim.  

— (Kulib) Gohida menda ham sovuqqonlik, jiddiylik kuzatiladi. Suratga olish jarayoni boshlanganida qahramonim bilan o`rtamizda umumiylikni ko`rmagandim. Jarayonga kirib, uning hayotini o`rgana boshlaganim sari o`xshashliklarimizni kashf etib bordim. Arnav bilan umumiy jihatlarimiz bu – hayotga jiddiy qaraymiz, oilamizga sadoqatlimiz, yangilikka intilib yashaymiz.

— Serialda milliy an`analaringizni qadrlamaydigan qahramon rolini o`ynagansiz. Arnavni bu harakatini oqlaysizmi? 

— Albatta! Eskilik sarqitlariga hushim yo`q. Fikrimni noto`g`ri tushunmang, milliy an`analarga qarshi nimadir qilish niyatim yo`q, ularga nafrat bilan qaramayman. Shunchaki, milliy qadriyat-an`analarni so`roqqa tutmay bajaradiganlar toifasiga kirmayman, xolos. Ular orasida bugungi kunimizga to`g`ri keladiganlarinigina hurmat qilaman. Chunki hayot haqiqatlariga mos kelmaydigan, hozirgi davrimiz bilan uzilib qolganlari juda ko`p.

— Arnav qaysi jihati bilan sizni o`ziga rom etgan?

— Qahramonimning tabiatan ilg`orlikka intilish xususiyati va oilasiga bo`lgan muhabbatini yaxshi ko`raman. Va bu xususiyatlari mening tabiatimga ham yaqin.  

— Arnav singari siz ham yaqinlaringiz uchun taqdiringizni qurbon qila olasizmi? 

— Albatta! Faqat bu jihat maqtanishga arziydimi yo yo`q, bilmayman (samimiy kuladi). 

— Hayotda ham Shyamdagidek odamlarga duch kelganmisiz?

— Hayotda har xil odamlar bor. Afsuski, duch kelganman.

— Arnavning sovuqqonligi Kushining sevgisi oldida mag`lub bo`ldi. Muhabbatga munosabatingiz qanday?

— Arnav va Kushinikidek sevgi hayotda ham uchrab turadi. Rosti, muhabbatga ishonaman! Insonni o`zgartira oladigan kuchga ega bo`lgan eng katta omil bu – sevgi! Rafiqamni ilk bor 14 yoshimda – maktabdagi kechki darslarda ko`rib sevib qolganman.

— Rafiqangiz Pashmin Manchanda bilan to`yingiz tor doirada, OAV e`tiboridan yiroqda o`tkazilishiga nima sabab? 

— Aslida hayotimizda bir bor bo`ladigan baxtli kunimni katta davrada o`tkazishni reja qilgandim. Biroq to`yimizdan biroz avval oilamizda baxtsiz hodisa yuz berdi. Shu sabab tor doirada nishonlashga majbur bo`ldik. 

— Uylanganingizdan so`ng hayotingiz va fe`l-atvoringizda nimalar o`zgardi?

— Butun hayotim o`zgarib ketdi, muhimi yaxshi tomonga. Rosti, ko`proq vaqtimni oila davrasida o`tkazish istagi yuqori. Fe`limga kelsak, hech nima o`zgarmadi, o`zgarmasa ham kerak.   

— Kushi bilan munosabatlaringiz qanday?

— Juda yaxshi. Ikkalamizning ham o`z oilamiz bor va baxtlimiz. Serialdagi ehtirosli qarashlar, muhabbat sababiga kelsak, biz shunchaki yaxshi aktyorlarmiz.  

— Xalqaro toifadagi qaysi aktyor bilan rol ijro etishni istaysiz…

— Denzl Vashington. Uni aktyorlik mahorati meni o`ziga maftun qilgan. Umuman olganda hurmat qiladigan aktyorlarim etarlicha. Bilasizmi, aslida qaysidir aktyor bilan birgalikda ishlashni emas, rolimni yuqori darajada o`ynash haqida o`ylayman. 

— O`zbek rejissyorlaridan taklif tushsa rozi bo`lasizmi va qancha gonorar evaziga?

— Qancha gonorarga (kuladi)? To`g`ri, pul albatta muhim, lekin bu men uchun eng muhimi emas. Bordi-yu film yo serial g`oyasi yoqsa, gonorarini o`ylab ham o`tirmay rozi bo`lardim. 

— Hayotingiz davomida eshitgan eng yoqimli xushomad?

— “Qalbing ko`zingda aks etib turibdi”. Bu eshitgan xushomadlarim orasida eng qadrlisi.

— Hayotingiz faqatgina qadrli narsalar, hodisalar bilan boy bo`lishini tilab qolamiz. Samimiy suhbat uchun tashakkur!

— Sizga ham rahmat! Mening Toshkentga kelishimga sababchi tashkilotchilarga ham tashakkur bildiraman. O`zbekistonlik muxlislarim ijodimni kuzatib borishlarini istardim. Boisi bir nechta yirik loyihalarda ishtirok etyapman. Undagi natijalar muxlislarimni yanada xursand qiladi, degan umiddaman.   

Blis savollar:
— Qizlarni rom qiladi...

— Ko`zlarim. Sababini prodyuserlarimning izohidan so`ng bilganman. Ular “Ko`zing boshqalarnikidan ajralib turadi. Boisi unda yuraging aks etadi”, deyishgandi. 

— Doim o`zingiz bilan olib yurasiz?

— Qo`l telefonimni. Negadir hamyon olib yurmayman.

— Sevib tayyorlaydigan taomingiz?

— Omlet.

— Muxlislaringiz bilmaydigan bitta fakt?

— Aslida bunday faktlar juda ko`p (kuladi). Ulardan biri kamera qarshisida topshirilgan vazifani yuqori saviyada bajarish hayajoni kuchli bo`ladi. Lekin bu sezilmaydi, hatto ko`zlarimda ham. 

— Hayotingizdagi eng baxtli oningiz?

— Oila qurgan kunim!

— Hayotingizdagi eng baxtsiz kuningiz?

— Buvim olamdan o`tgan kun.

— Ijtimoiy tarmoqlarda...

— ...shaxsiy sahifam yo`q. Faqatgina “twitter”da borman, lekin unda ham faol emasman. 

Cadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi.
Fotomuxbir: Alisher XOLXO`JAEV


 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!