Qabristondagi chaqaloq yig`isi

15:10, 30 may

Bu voqeani jizzaxlik muxlisimiz Akobir Yo`loshev yozib yuboribdi. Qiziqarli bo`lgani bois sizga ham ilindik... 

“Biznikiga mehmonga kelgan qishlog`imiz qabristonining qorovuli gapirib berdi. Eshitib, yuragimizni qo`rquv va vahm bosdi.

—  Hamma biladi, esimni bilganimdan buyon shu qabristonga qorovulman, — deb gap boshladi bobo. — Otam shu kasbni qilgan, otamning yonida yurib, menga meros qoldi. Ko`p ajabtovur voqealarga duch kelganmiz. 

—  Arvohlarni ham ko`rganmisiz? — so`radi qiziqsinib akam. 

—  “Arvoh — hozir”, degan gap bor. Qay bir oilaning boshiga g`am, qayg`u soya solsa, albatta nimadir bo`lgan. Ularni hozir bittama-bitta eslasam, biriga ishonasiz, biriga yo`q. Bitta sira esimdan chiqmaydigani bor, shuni ayta qolay. Unda rahmatli otam ham hayot edi. Qorovulxonada yotib qolishimga izn bermasdi. Onam va ukalarimning yoniga qaytarib yuborardi. Bir kuni otamga ovqatini keltirib berganimdan so`ng, atay qorovulxonaning burchagiga cho`zildim. 

—  Yotma bolam. Uyqung kelib qoladi. Uyga bor, bir yo`la uyda uxlaysan, — har boimgidek e`tiroz bildirdi otam. — Tur, turaqol. O`zim seni darvozadan chiqarib yuboraman...

Ikkalamiz darvoza tomon yurdik. Otam meni shitob bilan etaklab, qabristondan chiqarib yuborishga tirishardi. Ammo men o`ng tomonda, qabriston etagida turgan bir sharpani payqadim. Tun qorong`i, atrof zimiston. Otamning qo`lida fonar bor xolos. Ammo ko`zim tushgan sharpa xira tumanga o`xshab ko`rinib turardi. Bu qorong`ilikla aslida tuman umuman sezilmasligi kerak. Ammo sharpa aniq edi. Men negadir qo`rqmadim. Otam xuddi har kuni duch kelib yuradigandek parvo qilmaslikka urindi. Lekin mening ko`rganimni sezib, sekin dedi:

—  Ketishga qo`rqmaysanmi? Qo`rqsang, qol. 

—  Onamga nima deymiz? — dedim men otamning yonida qolayotganimdan quvonib. 

—  O`tgan-ketgandan aytib yuboramiz, — otam shunday deb ko`chaga alangladi. 

O`n daqiqa o`tar-o`tmas velosipedda bir kishi o`tdi. Bizdan ikki uy narida turadigan qo`shnimiz ekan. Otam darhol unga mening qarovulxonada qolganimni uydagilarga aytib qo`yishimni tayinladi. 

So`ng otam ikkimiz ortga qaytdik. Otam darhol o`tirib tilovat qilishga tushdi. Uzoq duo o`qigach, menga yuzlandi:

—  Cho`pon boboning mazasi yo`q deyishdi. Shu gap chiqqanidan buyon boboning kampiri yotgan tomonda sharpa paydo bo`lgandek. Ikki marta ko`zim tushdi. Duo o`qib yubordim haqiga. Endi tinchiydi. 

Otam bularni menga saboq bo`lsin, kelajakda shunday qilsin, deb aytishini bilardim. Hozir o`zim ham otamning yo`lini tutaman. Yaqinda bo`lgan voqeadan keyin ancha o`ylanib qoldim. Sababi, bunaqasiga otam ham duch kelmagan bo`lsa kerak. Ikki kecha qabristonda chaqaloq yig`lagandek bo`ldi. Aniq-tiniq emas-u, bir-bir ingragan, “inga”lagan ovoz eshitilib qoladi. Mushukmikan, desam qish emas, qulog`imga chalinyaptimikan, desam, bir eshitmadim. Otamga o`xshab, darhol duo o`qishga kirishdim, qani tinchisa. Ko`p emas, yarim tunda bir-bir eshitilib qoladi. Oxiri kunduzi chaqaloqlar ko`proq qo`yilgan tomonga yurib, sinchiklab qaradim. Tog` yaqin emasmi, yaramas tulkilar bitta-ikkita qabrchalarni kavlabdi. Darhol ketmon keltirib, yaxshilab bekitdim. Duo o`qidim. O`sha kuniyoq uydagi kuchugimizni olib keldim. Ovozi chiqib tursa, tulki qochadi-da. Shu bilan ovoz ham, shovqin ham tindi. Tulki kavlaganiga go`daklarning ruhi chirqiraganiga amin bo`ldim. Bunaqa voqealar ora-sira bo`lib turadi. Shuning uchun qabriston qorovuli hushyor bo`lishi kerak...”

KAMINA oqqa ko`chirdi


Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!