O`zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov vafot etdi

22:59, 30 may

O`zbekiston xalq shoiri, O`zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov 30 may kuni vafot etdi.

Xabarlarga ko`ra, Erkin Vohidov Toshkent shahridagi 1-sonli kasalxonada vafot etgan, deya xabar beradi Uz24 nashri.

Yozuvchi 1936 yilning 28 dekabr kuni Farg`ona viloyati Oltiariq tumanida tavallud topgan.

Shoirning «Orzu chashmasi», «Nido» (1964), «Quyosh maskani» (1970), «Baxmal» (1974), «Ruhlar isyoni» (1978— 79), «Toshkent sadosi» (1983) kabi asarlari o`zbek dostonchiligining etuk namunalaridandir.

U I. Gyotening «Faust» asarini, S. Eseninning she`rlarini o`zbek tiliga tarjima qilib, alohida kitob holida nashr ettirgan. Bundan tashqari F. Shiller, Iqbol, Ulfat, R. Hamzatov, L. Ukrainka, A. Blok va boshqa turli xalqlar shoirlari asarlarini ham o`zbek tiliga tarjima qilgan.

Erkin Vohidov asarlari chet el (nemis, fransuz, rus, ingliz, urdu, hind, arab va b.) hamda qardosh turkiy xalqlar tillarida («Oltin devor», «Saylanma», «Nido» va b.) nashr etilgan.

Erkin Vohidov O`zbekiston Oliy Kengashi deputati (Oshkoralik masalalari qo`mitasi raisi; 1990—95); 1995 yildan O`zbekistan Oliy Majlisi deputati va Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo`mitasi raisi bo`lgan.

1997 yilda «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlangan.

Darakchi.uz tahririyati marhumning oila a`zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!