Ruslan Chagaev va Lukas Braun jangi rasman o`tkazilmagan deb topildi

14:57, 31 may

Butunjahon boks assosiasiyasi, ya`ni WBA tashkiloti prezidenti Jilberto Xesus Mendosa hamyurtimiz Ruslan Chagaev hamda avstraliyalik Lukas Braun o`rtasida o`tkazilgan jang yuzasidan rasmiy bayonot berdi. Bu haqda “Olamsport” nashri xabar bermoqda

Tashkilot rahbari WBA (Regular) yo`nalishi chempionlik kamari uchun kechgan jang natijasi bekor qilinganini ma`lum qildi. Aniqrog`i, 5 mart kuni Grozniy shahrida tashkil etilgan chempionlik jangi rasman o`tkazilmagan deb topildi.

Ruslan Chagaev faoliyatidagi mag`lubiyatlar ustunidagi 3 soni rasman 2ga almashtirildi va chempionlik kamari hamyurtimizga qaytarildi.  

Eslatib o`tamiz, Grozniydagi jangda Ruslan Chagaev 10-raundda texnik nokautga uchrab, mag`lubiyatga uchragan edi. Lekin jangdan so`ng olingan har ikki doping tekshiruvi Lukas Braunning qon tarkibida taqiqlangan klenbuterol moddasi borligini tasdiqladi. Shu tariqa, avstraliyalik bokschi rasman WBA (Regular) chempionlik kamaridan mahrum etildi.

Endi Ruslan Chagaev ushbu chempionlik kamarini Fres Okendodan himoya qilishi kerak. Tomonlar ushbu jang yuzasidan 120 kun ichida kelishib olishlari shart.

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!