Ajaldan ogoh etgan tush

15:40, 31 may

Bu voqeani menga tumanimizdagi taniqli ulamolardan biri, din ilmida olimlik darajasiga erishgan marhum Ravshan domla Jalilov aytib bergandi. 

— Men Xizr alayhissalomni tushimda ko`rganman, u kishi meni muqarrar o`limdan ogoh etgan, 1976-78 yillarda harbiy xizmatni shimolda, o`rmonlar ichkarisida joylashgan harbiy qismda o`taganman. Avvaliga barcha askarlar qatori xizmat qildim. Harbiy qismda savdo-sotiq binosi bo`lib, u erda sotuvchilik qilgan askarning muddati tugab, uyiga qaytdi. O`rniga rus tilini puxta biladigan, hisob-kitobdan xabari bor, birorta o`quv yurtida tahsil olgan askarni izlab qolishdi. Zobitlardan biriga Buxoro viloyatidagi Savdo texnikumida hisobchilik bo`yicha ikkinchi kursda o`qiyotganimda xizmatga chaqirilganimni aytdim. “Oilangdagilar shu haqda hujjat yuborishsin”, deyishdi. Uydagilar ma`lumot jo`natishgach, harbiy xizmat tugagunga qadar sotuvchi bo`lib xizmat qildim. 

Xullas, o`shanda bir kuni tush ko`rdim. Tushimda cho`l o`rtasida ketayapman, shu payt oldimdan mushuk o`tdi, uni  tepib yubordim.

— Mushukni bekor tepdingiz, o`g`lim, sizga nima yomonlik qildi? — degan ovoz keldi. O`ng tomonga qarasam, savlatli, soch-choqoli oq, egnida uzun oq ko`ylak, chiroyli mo`ysafid turibdi. 

— Assalomu alaykum, — dedim. Bobo alik oldi. 

— Bundan keyin jonivorlarga shikast etkazmang.

— Xo`p bo`ladi, bobo. 

— Men sizni noxush xavfdan ogoh etishga keldim,- dedi burro va yoqimli ovozda oqsoqol. 

— Qanday xavf?

— Qirq kundan keyin xizmat joyingizda katta xavf bo`ladi, siz yaqin bormang, darhol yashirining, o`shanda sizga zarar etmaydi... 

Umrimda bunday tush ko`rmagan edim. Sahar payti barcha askarlar kabi uyg`onib, nonushta qilgach, kalendarga qaradim. Qirq kundan keyin  7 noyabr bo`larkan. Bu kun sobiq tuzum  davrida bayram qilinar edi. Bir-ikki kun o`tgach, bu tushni unutdim. Savdo ishi va tashvishlar bilan bo`lib, bayram  kuni ertalab do`konga keldim. Shu kuni dam olish edi, bayram kuni askar va zobitlar har kungi mashg`ulotlardan, xizmatdan ozod. Navbatchi zobitlardan to`rt-beshtasi askarlar tartibini saqlash uchun qolishgan. Menga esa peshingacha ishlash buyurildi. Tez-tez harbiy qism hududiga ko`z tashlb qo`yaman. Tushlikni shu erda qilib, bugungi savdodan tushgan pullarni sanab, qancha daromad va qancha mahsulot sotilganini hisobladim. 

Do`kon eshigini qulflab, harbiy qism maydoniga yaqin borsam, o`ttiz-qirq qadam narida ellik-oltmishtacha askar o`zaro jiqqamusht bo`lib yotishibdi. Kimdir erda yotibdi, ustiga boshqa askar chiqib zarba berar, boshqasi kelib uni oyog`i bilan tepar, ba`zi askarlar qo`liga shvabra olib, zarba berardi. Qarasam hamyurtlarimiz bilan mahalliy askarlar janjallashyapti. 

To`rt oydan buyon harbiy qismdagi savdo do`konida sotuvchi bo`lganim bois ayrim mushtumzo`rlar bizning askarlarni kamsitib, jarohat etkazganini ko`rgandim. Sabr kosasi to`lgan biznikilar zo`ravonlarni maydonga chaqirgan. Uch-to`rt zobit yugurib kelib, “bas qilinglar, bu buyruq” deb askarlar orasiga kirib ajrata boshladi. Bittasi bexosdan zarba eb, burni qonadi. 

— Kapitan, tez shtabga qo`ng`iroq qiling, bularni tinchitolmaymiz, - deb buyruq berdi yana biri. O`ylanib qoldim, nima qilsam ekan, sha`nim, g`ururim kuchlilik qilib, bu ur-to`polonga qo`shilsam, aniq bir baloga duchor bo`laman. Ota-onam ko`z oldimga keldi, menga bir falokat bo`lsa, ular farzand dog`ida kuyadi. Tez-tez yurib, raketa shaxtasi tomon ketdim. Shaxta 30-40 metr er ostida bo`lib, pastga temir narvonda tushilardi. Shaxtaga tushib, biror soat o`tirdim. Chiqib, maydonga borsam, birorta askar yo`q. Harbiy prokuraturadan kelgan guruh, unvoni katta zobitlar turibdi. Tanish zobit oldiga chaqirdi. Borib harbiycha salom berdim. 

— Janjal paytida qaerda eding, serjant Jalilov?

— To`polonni uzoqdan ko`rib, yashirindim, o`rtoq kapitan...

— Rost gapirganing uchun rahmat. O`rningda bo`lganimda men ham shunday qilardim. To`rt askar gospitalgacha etmay, yo`lda og`ir jarohatdan ko`z yumdi, o`n bir kishi og`ir ahvolda yotibdi. Maydondagi barcha askarlarni hibsga olishdi. 

Tergov ikki oy davom etdi. 14 kishi 1-2 yilgacha qamoq jazosi oldi, orasida o`zbek askarlari ham bor. Xizmat tugab, shahrimizdan birga jo`nagan yurtdoshlarim bilan eson-omon uyga qaytdik.

Undan keyin ko`p niyat qildim, Xizr bobo tushimga kirsinlar, deb, lekin boshqa ko`rmadim...  

Toshpo`lat Ashurov, 
Buxoro viloyati, Kogon shahri


 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!