O`zbekiston rahbariyati Erkin Vohidovning vafot etgani munosabati bilan ta`ziya bildirdi

10:20, 01 iyun

Atoqli shoir Erkin Vohidovning vafoti munosabati bilan O`zbekiston Prezidenti Islom Karimov, Senat raisi Nig`matilla Yo`ldoshev, Qonunchilik Palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov, O`zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev, shuningdek, Yozuvchilar uyushmasi raisi Muhammad Ali hamda shoirlar Abdulla Oripov va Iqboljon Mirzaalievlar ta`ziya bildirdi. Ta`ziyanoma O`zA tomonidan chop etildi.

Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Qahramoni, atoqli shoir va adib Erkin Vohidov 30 may kuni 79 yoshida vafot etdi.

«U o`zining ijodiy va mehnat faoliyatini yoshlar nashriyotida kichik muharrir sifatida boshladi. Keyinchalik mamlakatimizning nufuzli nashriyotlarida muharrir, bosh muharrir, shuningdek, ‘Yoshlik’ jurnalining bosh muharriri, G`afur G`ulom nomidagi Adabiyot va san`at nashriyoti direktori kabi vazifalarda samarali mehnat qildi», — deyiladi ta`ziyanomada.

Shuningdek, Erkin Vohidovning betakror ijodi milliy ruhi va xalqchilligi, hayotiyligi bilan o`zbek adabiyoti xazinasidan munosib o`rin egallagani alohida qayd qilib o`tildi.

«Atoqli shoir yarim asrdan ziyod ijodiy faoliyati davomida ‘Tong nafasi’, ‘Qo`shig`im sizga’, ‘Aql va yurak’, ‘Mening yulduzim’, ‘Yoshlik devoni’, ‘Tirik sayyoralar’, ‘Sharqiy qirg`oq’, ‘Kelajakka maktub’ kabi she`riy to`plamlari, ‘Nido’, ‘Quyosh maskani’, ‘Ruhlar isyoni’, ‘Ko`hinur’ kabi dostonlari, ‘Oltin devor’, ‘Istanbul fojiasi’ singari sahna asarlari, ‘So`z latofati’ badiiy risolasi, jahon adabiyotining Hofiz Sheroziy, Mirzo Bedil, Gyote, Sergey Esenin kabi mumtoz namoyandalari merosidan qilgan tarjimalari bilan o`ziga xos ijodiy maktab yaratdi. Uning turli janrdagi o`nlab asarlari dunyoning ko`plab tillariga tarjima qilindi», — deb ta`kidlanadi ta`ziyanomada.

Erkin Vohidov 1990–1995 yillarda O`zbekiston Oliy Kengashi qo`mitasi raisi, 1995–2005 yillarda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo`mitasi raisi, 2005–2009 yillarda Oliy Majlis Senatining Fan, ta`lim, madaniyat va sport masalalari qo`mitasi raisi kabi mas`ul lavozimlarda samarali faoliyat olib bordi.

«Atoqli shoir, mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson Erkin Vohidovning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi», — deb xulosa qiladi ta`ziya bildiruvchilar.


Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!