Germaniyada poezd tagida qolgan 91 yoshli ayol tirik qoldi

13:59, 01 iyun

Germaniyaning Quyi Saksoniya federal hududida yashovchi 91 yoshli pensioner ayol poezd tagida qoldi va relslarning o`rtasiga yotib olib, omon qoldi, deb xabar berdi “Lenta.ru” nashri. Ayol jiddiy tan jarohati olmagan.

Ismi-sharifi ma`lum qilinmagan pensioner ayol Langvedel temiryo`l stansiyasidan qariyalarning yurishiga yordam beruvchi metall suyanchiq bilan o`tayotganda, tezligi soatiga 160 kilometr bo`lgan tez yurar poezdning kelayotganini ko`rgan. Ayol yo`ldan o`tib olishiga ko`zi etmay, relsning o`rtasiga yotib olgan, metall suyanchiqni esa ustiga qo`ygan.  

Nashrning xabar berishicha, poezd haydovchisi zarba tovushini eshitgach, biror hayvonni bosib ketdim deb, relsni ko`rish uchun to`xtagan. Haydovchi faqatgina vagon tagiga osilib qolgan  metall suyanchiqni ko`rgan va yo`lida davom etgan.

Birozdan keyin xuddi shu yo`nalishda kelayotgan boshqa bir poezd haydovchisi relslar orasida yotgan ayolni ko`rib qolib, “Tez yordam” chaqirgan. Hozirda 91 yoshli ayolning hayoti xavf ostida emas.

Polisiyachilarning aytishicha, bunday omadli holat kamdan-kam vaziyatlarda uchrarkan. Relslar orasida yotgan odamning kiyimi shassining biror detaliga ilinib qolib, o`lishi yoki harakatdagi boshqa bir poezd tagida halok bo`lishi mumkin ekan.

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!