Ramazon oyida 650 nafar o`zbekistonlik Umra ibodatini amalga oshiradi

15:55, 01 iyun

Muborak Ramazon oyida yurtdoshlarimizdan 650 nafari Umra ibodatini amalga oshiradilar. Bu haqda Din ishlari bo`yicha qo`mita matbuot xizmati xabar beradi. Kuni kecha Toshkentning “Shayx Zayniddinxon” masjidida Ramazon Umrasiga boruvchi ziyoratchilar guruh rahbarlari uchun amaliy o`quvlar tashkil etildi.

O`quvlar davomida Din ishlari bo`yicha qo`mita, O`zbekiston musulmonlari idorasi hamda Sog`liqni saqlash vazirligi xodimlari tomonidan ziyoratchilarimizga xizmat qilish, ularning ibodat qilish davomida sog`liqlarini ehtiyot qilishlari yuzasidan batafsil tushunchalar berildi.

An`anaga ko`ra, ziyoratchi yurtdoshlarmiz Madina va Makka shaharlaridagi qulay va shinam mehmonxonalarga joylashadilar. Bu yil ham Madinadagi mehmonxona masjiddan 100-150 metr, Makkada esa 1000-1500 metr uzoqlikda joylashgan bo`lib, ziyoratchilarimiz uchun barcha sharoitlar yaratilib hozirlab qo`yilgan. Umrachilarimizga ishchi guruhi, shifokor, oshpazlar va guruh rahbarlari jami 24 nafari kechayu-kunduz xizmat ko`rsatadilar.

Ro`zador ziyoratchilarimizga ikki mahal saharlik va iftorliklari uchun issiq ovqat, choy va boshqa ichimliklar taqdim etiladi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!