Ayollar nimadan xafa bo`ladi: 5 ta sabab

19:14, 01 iyun

Stressli vaziyatlarga erkaklar harakatlari bilan javob bersalar, ayollar esa his-tuyg`ulari orqali munosabatlarini ifodalaydi. Xafagarchilik o`zida bir qancha negativ hissiyotlarni ifodalagani bois, uni izohlab berish insonga qiyinchilik tug`diradi. “Lady.mail.ru” nashri sizga munosabatlarga putur etkazmay, arazlash yo`llarini o`rgatadi.

Birinchi sabab: shunday bo`lishi kerak degan fikr

Ba`zida siyqasi chiqqan, baxtli munosabatlar niqobi ostiga yashiringan qonun-qoidalarga inson o`zi bilmagan holda bo`ysunadi. Masalan, erning ishdan kech kelishi, sovg`aning yoqmaganligi, turmush o`rtog`ining ilk uchrashgan kunlarini unutganligi ayollarning ko`z yoshlariga va xafa bo`lishiga sabab bo`lishi mumkin. Bunday mayda-chuydalarni dugonasining eri juda yaxshi eslab qoladi. Ijtimoiy tarmoqda turmush o`rtog`i tomondan sovg`a qilingan guldastani ko`tarib tushgan dugonasining surati ham ayollarning kayfiyatini buzishi mumkin.

Ehtiyot bo`ling! Ideal munosabatlarga intilish his-tuyg`ularingizni va xohishlaringizni “umumiy qonun-qoidalarga” almashtirib, birovlarning ssenariysi asosida yashashga majbur qilishi mumkin.

Nima qilish kerak? Xotirangizni yangilang, undan bo`lar-bo`lmas voqealarni o`chirib tashlang. Turmush o`rtog`ingiz gul sovg`a qilmasa-da, guldasta ko`tarib, suratga tushing va ijtimoiy tarmoqqa joylab,  “hech qanday sababsiz erim guldasta sovg`a qildi, undan faxrlanaman”, deb izoh qoldiring. Dugonalaringizga ham shunday turmush o`rtoq nasib qilishini tilang.

Ikkinchi sabab: zerikish

Uy, ish — ish, uy. Dugonangiz bilan telefon orqali qilingan suhbatdan keyin uning hayotidagi qiziqarli voqealarni eshitib, o`zingizni qurbon deb his qila boshlaysiz. Xo`rlangan odam bor joyda, zulmkor ham topiladi! Qarabsizki, kechqurungi dilsiyohlik uchun mavzu tayyor! Ishdan qaytgach, turmush o`rtog`ingizga gapirgingiz kelmay, qovoq-tumshuq qilasiz, ichimdagini top deb xo`mrayib olasiz.

Ehtiyot bo`ling! Negativdan ilhomlanishdek yomon odatni kasb qilasiz. 

Nima qilish kerak? Sizga “zulm o`tkazgan” turmush o`rtog`ingiz ostona hatlaguniga qadar ertalabki yaxshi kayfiyatingizga qaytib, barcha gaplarni unutishga harakat qiling. Oddiygina so`zlar orqali inson ko`ngliga jarohat etishi mumkinligini yana bir bora xotirlang.

Uchinchi sabab: meni faqat xafa bo`lganimdagina tushunishadi degan fikr

“Xohlaganlaringni qilinglar, endi men aralashmayman!” degancha muammodan eshik orqasiga berkinib, xafa bo`lish eng qulay usuldir. Ayol xafa bo`lganidan xonada sochilib yotgan bolalar o`yinchoqlari, kiyimlari o`z-o`zidan yig`ilib qolmaydi. Xafa bo`lish sevgan insonlaringni boshqarishning eng o`ng`ay usulidir. Ammo sizning xafa bo`lib, birpasdan keyin buni unutishingizga yaqinlaringiz o`rganib qolishi mumkin. Ular sizga bo`ysunishga harakat qilsalar-da, ammo qalblarida siz etkazgan ruhiy jarohat izlari qoladi.

Ehtiyot bo`ling! Xafa bo`lish orqali odamlarni o`zingizga bo`ysundirish, obro`yingizni tushirib yuboradi. 

Nima qilish kerak? Bu usul orqali ishonchni suiiste`mol qilmang, boshqarishning boshqa yo`llarini o`ylab toping. Masalan, holatni to`g`ri tushuntirishga, so`zlaringizni asoslashga harakat qiling.

To`rtinchi sabab: chunki har bir odamning o`z rejasi bor

Mabodo biror rejangiz amalga oshmay qolsa, xafa bo`lasiz, ammo uning kimningdir aybi bilan amalga oshmay qolgani sizni battar tushkunlikka tushiradi. Masalan, “shanba kuni ishga borishim kerak edi, ammo oyim bolalarimga qarashni istamadi” va hokazo...  Shundan keyin oyingiz dugonangiz bilan telefon orqali bo`ladigan suhbatning salbiy qahramoniga aylanadi. 

Ehtiyot bo`ling! Boshqalarning rejasi sizning rejangiz bilan mos tushmasa, darrov ulardan voz kechishga harakat qilmang, bo`lmasa hayotingiz tanholikda kechishiga sababchi bo`lasiz.  

Nima qilish kerak? Ranjishdan lazzatlanishni bas qiling, vaziyatni yumshatishga, boshqalarni tushunishga harakat qiling. Bu sizni stresslarni engishingizga yordam beradi. Agar xafagarchiligingiz o`tib ketmagan bo`lsa, o`zingizni bosib, chin dildan suhbat qurishga intiling. Dilsiyohlik sababiga oydinlik kiritish munosabatni buzmaydi, balki uning mustahkamlanishiga xizmat qiladi.  

Beshinchi sabab: asab charchashi

Ayollarning emosional kayfiyati juda tez o`zgarib turadi. Bunga homiladorlik, bola emizish, oiladagi va ishdagi muammolar ham sabab bo`lishi mumkin. Ayol oddiy gaplarni ham og`riqli qabul qiladi. Masalan, no`xat gulli ko`ylagimni maqtagan tanishimga u rostdan ham yoqdimikan yo urfdan qolgani uchun ustimdan kuldimi? Ayol tanishidan ranjib, o`zini himoya qilish maqsadida qattiq gapirib yuborishi mumkin.

Ehtiyot bo`ling! Hamma narsani yurakka yaqin olish atrofingizdagi insonlarning sizdan uzoqlashishiga sabab bo`ladi. Keyinchalik do`stlaringizning qo`ng`iroq qilmasligidan, siz bilan uchrashishni istamaganligidan ranjishingiz mumkin.

Nima qilish kerak? O`zingizni hazil orqali himoya qilishga harakat qiling. Qarshingizda yomon odam emas, balki juda sezgir va hushyor odam turganligini tasavvur qiling. Dilozor bo`lmasa, xafagarchilik ham bo`lmaydi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!