Toshkentning “Oqtepa” futbol klubi safida Roberto Badjo to`p suryapti

12:36, 02 iyun

Toshkentning «Oqtepa» klubi o`z safiga Roberto Badjoni qo`shib oldi. Shartnoma shartlari va uning qanchaga mo`ljallangani oshkor etilmagan. Bu haqda “Daryo” nashri xabar bermoqda

Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida tavallud topgan Roberto Badjo Nomozov «Oqtepa»ning Toshkent shahar 2-ligasidagi jamoasi a`zosi hisoblanadi. U 1995 yilning 14 aprel sanasida tavallud topgan.

Roberto Badjo Nomozovning otasi Turdimurod aka o`z farzandiga katta ehtimol bilan italiyalik mashhur futbolchi Roberto Badjoning ismini berishni niyat qilgan. Ma`lumot uchun, o`zbekistonlik Roberto Badjo italiyalik Roberto Badjoning mashhur penalti zarbasidan 3 kuni kam 9 oydan keyin dunyoga kelgan.

1994 yilgi Jahon Chempionatining finalida Roberto Badjo o`yindan keyingi penaltilar seriyasidagi so`nggi zarbani noaniq yo`llab, Braziliyaning Jahon Kubogiga ega chiqishiga sabab bo`lgandi.

Shunga qaramay, Roberto Badjo Italiya termasining finalga qadar etib kelishiga katta hissa qo`shgan. Nimchorak finalning Nigeriyaga qarshi o`yinida 88-daqiqada gol urib, «skuadro adzurra»ni mag`lubiyatdan qutqarib qolgan, 102-daqiqada esa penaltidan foydalanib, «oltin gol»i bilan Italiyani chorak finalga olib chiqqan.

Chorak finalda Italiya terma jamoasi Ispaniyani 2:1 hisobida mag`lub etgan, Roberto Badjo bu safar ham 88-daqiqadagi goli bilan jamoasiga g`alaba keltirgan. Bolgariyaga qarshi yarim finalda esa bir yo`la dubl qayd etib, «moviy gvardiyachilar»ni final sari etaklagan.

Mana shu voqealardan 9 oy o`tib, Qashqadaryoning Shahrisabz tumanida o`zbekistonlik Roberto Badjo tug`ilgan.

Eslatib o`tamiz, bungacha o`zbek oilalarida tug`ilgan bolalarga Bryus Li, Chingachkuk, Messi, Maradona, Neymar, Devid Bekxem, Ronaldo, Jumong, Ishaniva boshqa mashhur kino hamda serial qahramonlari, futbolchilarning ism-shariflari qo`yilgani haqida xabarlar berilgandi.

Ma`lumot uchun, kecha — 1 iyun kuni PFL rasmiy sayti «Oqtepa» klubining moliyaviy muammolar sabab O`zbekiston 1-ligasidan rasman chetlashtirilgani haqida xabar qilgandi.

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!