Rossiyalik xonanda Ani Lorak: “Ayol kishi erini Xudo darajasida ko`rishi kerak”

13:54, 03 iyun

Rossiyalik qo`shiqchi Ani Lorakning turk tadbirkori Murot Nalchaji o`g`li bilan turmush qurganiga etti yil bo`ldi. Rossiya OAVlaridan biriga bergan intervyusida Ani Lorak turmush o`rtog`ini birinchi uchratgan kunidagi kabi sevishini bildirgan, deb xabar berdi “Woman.ru” nashri.

37 yoshli, Ani Lorak taxallusi bilan mashhur bo`lgan xonanda Karolina eri Murot Nalchaji o`g`li bilan baxtli turmushi sirini oshkor qildi. 

Ani ayollarga erini hurmat qilishni, chin dilidan sevishni maslahat beradi: “Biz ayollar mehr bersak, mehr olamiz. Muhabbat kichkina uchqundan alangalanadi, u o`chib qolmasligi uchun tinimsiz o`tin qalab turishimiz kerak”. 

“Erkak — ayol uchun Xudo darajasida, ayol esa erkak uchun taqdir in`omi bo`lishi lozim”, deydi Ani Lorak Teleprogramma.pro portaliga bergan intervyusida. U munosabatlarga putur etkazmaslik maqsadida doimo murosa qilishga harakat qiladi. Mabodo jahl ustida turmush o`rtog`iga qattiq gapirib qo`ysa, aybini yuvish maqsadida jilmayishga, qahva yoki biror mazali egulik tayyorlashga kirishadi. Xonandaning fikricha, ayol doimo o`ziga qarab yurishi, orasta va ozoda bo`lishi lozim. U uyda bo`lgan paytida ham sochini chiroyli turmaklab, engil pardoz qiladi, eriga chiroyli ko`rinishga intiladi.

Ani Lorakning bunday munosabatiga eri Murot ham munosib javob beradi. U rafiqasiga sovg`alar, syurprizlar hadya etishga intiladi. Xonanda gastrolga ketgan paytida har kuni qo`ng`iroq qilib, xabarlashib turadi, uni qo`llab-quvvatlaydi. 

“Haqiqiy muhabbat uchun vaqtinchalik ayriliq uning gulxanini o`chirish uchun emas, balki alangalatish uchun xizmat qiladi, degan fikr menga juda yoqadi. Bizning oilamiz gulxani yolqinlanib turganidan judayam baxtliman. Unga o`tin tashlashdan to`xtamaymiz. Hayot o`zing va munosabatlar uchun ter to`kib mehnat qilishingni talab qiladi. Faqat mehnat qilishdan to`xtamaslik kerak”, deydi sevimli rafiqa va ona Ani Lorak.

Bu baxtli juftlikning besh yoshli Sofiya ismli qizalog`i bor. Ani Lorakning muxlislari uning yana bir farzandni dunyoga keltirishiga umid qilishadi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!