Ota-onasi tomondan o`rmonga tashlab ketilgan yaponiyalik bola tirik topildi

16:41, 03 iyun

Ota-onasi tomondan olti kun oldin o`rmonga tashlab ketilgan etti yoshli yaponiyalik bola sog`-salomat topildi, deb xabar berdi “Lenta.ru” nashri.  

Bola ota-onasi tashlab ketgan joydan besh kilometr uzoqda, Yaponiya mudofaa kuchlari poligoni hududidan topilgan. O`zini Yamato Tanuka deb tanishtirgan bolakay mahalliy vaqt bilan soat 07:50 da askarlar dam olishi uchun qurilgan uychadan topilgan.

Harbiy xizmatchilardan birining aytishicha, bola matras ustida o`tirgan. Askarlar bola uzoq vaqt hech nima emaganligi, och bo`lgani uchun unga guruch va non berishgan.

Ma`lumotlarga ko`ra, bolaning sog`ligi joyida, hech qanday tan jarohati olmagan. U vertolyot orqali mahalliy kasalxonaga keltirilgan. Tanukaning aytishicha, ota-onasi uni o`rmonda qoldirib ketgach, o`rmon ichidagi so`qmoq yo`l orqali uychaga o`zi etib borgan.

Yaponiya mudofaa kuchlari 1 iyun kuni bolani qidirishga safarbar qilingan. Qidiruvga 70 nafar harbiy xizmatchi, 200 nafar polisiyachi va ko`ngillilar jalb qilinib, ular Xokkaydo oroli o`rmonidan bolani izlashgan. 

Bolaning ota-onasi uni 28 may, shanba kuni bedarak yo`qolganini, ammo biroz vaqt o`tgach, bolani jazolash maqsadida o`zlari o`rmonga tashlab kelishganini tan olgan. Ular bolani qo`rqitish maqsadida o`rmonga tashlab, bir necha daqiqadan keyin qaytib borib, topa olishmagan. 

Hukumat vakillari Tanukaning o`rmonda halok bo`lishidan xavfsirashgan, chunki bola juda engil kiyingan, o`rmonda harorat kechasi etti darajagacha tushib ketadi, buni ustiga aynan shu hududda 31 may kuni kuchli yomg`ir yoqqan.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!