Nargiza Zokirova: “ Filipp meni va o`g`limni o`ldirish bilan tahdid qildi”

11:26, 06 iyun

Nargiza Zokirova “Life.ru” nashriga bergan intervyusida eri, italyan xonandasi Filipp Balzano tomondan bo`layotgan tahdidlar haqida gapirdi.

Nargiza Zokirovaning nikohni bekor qilish jarayoni katta oilaviy janjalga aylanib ketdi. U hayoti jahannamga aylanganini bildirdi. 

— Nima uchun eringizdan ajrashishga qaror qildingiz?

— Bir yildan beri erim menga bosim o`tkazadi. Barcha muammo menda nafrat uyg`otuvchi moliyaviy muammolarga borib taqalyapti. Nimagadir, u meni supurib, millionlab pul topyapti deb o`ylaydi, buni ustiga peshana terim bilan topgan pullarimni menga berishi kerak deb hisoblaydi. Erim tabiatan janjalkash bo`lganligi sababli, Rossiyaga ishlashga ketayotganimda, undan biror kor-hol bo`lmasligi uchun uyda o`tirishni iltimos qilib, bolalarga qarab tursa, pul bilan ta`minlashimni aytdim. Shu paytgacha topganimni Nyu-Yorkka erim va bolalarimga yubordim, ammo oxirgi paytlarda topgan pulim unga kamlik qilyapti. U menga katta miqdorda qarz bo`lib qolganligini bildirdi, bunday katta miqdordagi pulni topish menga ham oson emas. Biroq unga yordam berishni burchim deb bildim, chunki bu qarzni u “jiddiy” odamlarga tezda qaytarishim lozim deb tushuntirdi.

— U kimdan qarz olgan ekan?

— Hozirgacha erimning kimdan va nima uchun qarz olganini bilmayman. Uning shu paytgacha barcha injiqliklarini ko`tarib, mashina olib berdim, studiya ochishiga yordam berdim, uyda ta`mirlash ishlarini olib borish uchun pul berdim. Bundan tashqari, bolalarimning kollejda, maktabda o`qishlari uchun barcha pullarni o`zim to`laganman. Endi bo`lsa, u meni bolalarini tashlab ketgan “bemehr ona” deb ayblamoqda. U nafaqat menga balki, oilamga, bolalarimga ham tahdid qilmoqda. Nyu-Yorkka qaytganimning ikkinchi kuni Filipp uyga mast holatda kelib, o`g`limga qo`l ko`tardi. Ularning orasiga tushib, zo`rg`a ajratdim. Kuchim etmagandan keyin polisiya chaqirishga majbur bo`ldim. Janjalga onam va bolalarim ham guvoh bo`lishdi.

— Ajrashishingizga Filippdan bo`lgan qizingiz Leylaning munosabati qanday?

— Leyla 16 yoshga kirgan bo`lsa-da, juda aqlli qiz. Albatta u otasi bilan ajrashayotganimdan juda qayg`urayapti. Biroq otasining ba`zi bir noo`rin qiliqlaridan xafa bo`lib, mening tarafimni olyapti. U menga “Oyi, men sizni judayam sevaman, otamning qilayotgan ishlarini ko`rib turibman, hozirgi vaziyatda siz akam Auel va buvim bilan qoling, men otamning oldida bo`lishim, uning biror xatoga yo`l qo`ymasligi uchun harakat qilishim lozim” dedi. Hozirda u otasi bilan birga yashayapti. Janjal bo`lgan kuni Filipp to`pponchasi borligini aytib, meni va o`g`limni “otib o`ldiraman” deb qo`rqitdi. Dahshatga tushganimdan polisiya chaqirishga majbur bo`ldim.

— Bu turmush qurganingizdan beri bo`lgan ilk janjalmi? U ilgari ham farzandlaringizga qo`l ko`targanmi?

— U farzandlarimni doim kaltaklagan deya olmayman. Ammo bolalarimga xuddi askarlarga murojaat qilganday munosabatda bo`lardi. Uning baqirishidan devorlar zirillar, ba`zan buni eshitgandan kaltak egan ma`qul deb hisoblardim. Bunga men ham, o`g`lim ham chidardik. U o`g`limni to`rt yoshidan boshlab, tarbiyalab kelmoqda. Filipp o`g`limni ilgaridan yoqtirmas edi. Janjal vaqtida o`g`limning tomog`idan bo`g`ganini ko`rib, oramida hamma narsa tugaganligini his qildim. 

— Nikohni bekor qilish jarayoni boshlandimi?

— Ha, hozir bu masala bilan Nyu-York advokatlari shug`ullanmoqda, biror hujjat kerak bo`lsa Rossiyadan yuboraman. Men uni chin dilimdan sevardim, barcha yomon fazilatlariga ko`z yumib kelgandim. Uning xulq-atvorini yaxshi bilgan tanishlarim ajrash, u bilan uzoqqa bormaysan, deganda quloq solmagandim. Men muhabbatimga, hammasi izga tushishiga ishongandim. Afsus... hammasi o`ylaganimdan boshqacha bo`ldi...

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!