Bolaligida xunukligidan uyalgan mashhur ayollar(Foto)

13:00, 07 iyun

Hozirda omma oldida o`zini erkin tutib, tabassum qilayotgan mashhur yulduzlarni ko`rib havasimiz keladi. Ammo qachonlardir ularning o`ziga ishonmagan, tortinchoq, hech kim e`tibor bermaydigan bolalar bo`lganidan bexabarmiz. “Deti.mail.ru” nashri sizni quyida bolaligida o`zidan uyalgan mashhurlar bilan tanishtiradi

 

Alsu: “tipratikan” soch va tagi ko`kargan ko`zlar

Xonanda Alsu go`zal va nafosatli ayol timsolidir. Ammo u 10 yoshligida qiz boladan ko`ra ko`proq o`g`il bolaga o`xshaganidan judayam siqilgan. Buvisi yoz kelishi bilan uning sochlarini qirtishlab, olib tashlagan. 

“Buvim sochlar qalin bo`lib o`sishi uchun uni tez-tez olib turish kerak deb hisoblardi. Sochim olinavergandan “tipratikan” bo`lib o`sar, men esa bundan uyalib, yig`lardim. Buvim yig`lashimga e`tibor bermay, baribir yoz kelishi bilan sochimni tag-tugidan olib tashlardi. Har qalay sentyabrgacha sochim ozgina bo`lsa ham o`sar, ammo unga bant taqib bo`lmasdi”, deb eslaydi Alsu. 

Alsu bolaligida ota-onasi bilan Shimolda yashaganligi bois, unga vitamin etishmaganligidan doimo ko`zining tagi ko`karib, yuzi kulrang tusga kirib yurgan. “Mana hozir ulg`aygach, bunday kamchiliklarni berkitish sirlarini o`rgandim. Ammo o`sha paytlarda bunga aqlim etmagan. O`smirlik yoshida esa briket taqishimga to`g`ri kelgan. Barcha komplekslarimdan qutulishim uchun xonandaligim katta yordam berdi. Sahnaga chiqqanimda minglab odamlarning olqishlarini eshitib, o`zimga nisbatan ishonch uyg`ondi”– deydi xonanda.  

Elizaveta Boyarskaya: breketlar

Rossiya kinematografiyasining go`zal aktrisalaridan biri bo`lmish Elizaveta Boyarskaya ham bolaligida o`ziga ishonmagan qizcha bo`lgan.

U bolaligini shunday xotirlaydi: “Kichkinaligimda o`zimni hamma tomonlama xunuk deb hisoblaganman. Ayniqsa tishlarimga qo`yilgan briket tufayli tilim chuchuk bo`lib, g`alati gapirardim”. Boyarskaya o`ziga nisbatan ishonch uyg`otish uchun modellik maktabiga o`qishga kiradi. Bu erda aktyorlik mahoratidan, raqsdan, psixologiyadan saboq oladi. O`rganganlari behuda ketmadi, u tamoman boshqa odamga aylandi.

Vera Brejneva: kambag`allik va qalin ko`zoynak

Xonanda Vera Brejnevaning uslubi va obrazidan zamonaviy qizlar nusxa olishadi. Vera ham bolaligida tashqi qiyofasiga umuman qiziqmagan, o`zini juda xunuk qiz deb hisoblagan, doimo sochini kalta oldirib yurgan. Uzoqni ko`ra olmaganligi bois doimo katta ko`zoynak taqib yurgan. Oilasida doimo pulga muhtojlik bo`lgani sababli har doim opachasidan qolgan eski kiyimlarni kiygan. Eski kiyimda yurganligi, maktabda tarqatiladigan bepul ovqatdan eganligi uchun bolalar masxara qilganlarini onasidan yashirib kelgan.

“VIA Gra” guruhiga qabul qilingandan keyin u o`z uslubiga ega bo`ldi, o`ziga nisbatan ishonchi ortdi. Ammo bolalik xotiralari unga anchagacha tinchlik bermadi, ulardan qutulish uchun hatto psixologga ham murojaat qilgan. 

Sindi Krouford: yuzdagi xol

Supermodel Sindi Kroufordni yuzidagi xoli bezovta qilgan. Bo`lajak yulduz yoshligida sinfdoshlarining mazaxlashlaridan judayam uyalgan. “Buyuk fotosuratchi Xerb Rits tufayli menda o`zimga nisbatan ishonch uyg`ondi. Shundan keyingina o`zimni go`zal deb hisoblay boshladim”, – deydi podiumlar malikasi.

Sindi bergan intervyularidan birida “O`ziga nisbatan bo`lgan ishonch go`zallikning sinonimidir. Agar o`zingga ishonsang, o`zingni chiroyliman deb hisoblasang, boshqalar ham seni go`zal deb qabul qiladi. Ishonch doimo insonga hamroh bo`lishi lozim” dedi.

Uma Turman: baland bo`y va tabassum

Rejissyor Kventin Tarantinoning ilhom parisi bo`lmish Uma Turman bolaligida boshqa qahramonlarimiz singari o`ziga ishonmagan. Bo`yi balandligidan uni maktabda “minora” deb chaqirishgan, tabassumini esa eng xunuk tabassum deb hisoblashgan.

“Kimdir menga judayam xunuk tabassum qilasan deganda, o`zimni yomon his qilganman. Shuning uchun iloji boricha kulmaslikka harakat qilganman. Endi o`ylab qarasam, yoshligimning qadriga etmabman. Hammaga birday yoqish mumkin emasligini endi tushunib etdim, hozir meni boshqalarning fikri qiziqtirmaydi”, deydi Uma Turman.

Lili Kollinz: qalin qora qoshlar

27 yoshli aktrisa Lili Kollinz qop-qora, qalin qoshlari bilan boshqalardan ajralib turadi. Lili bolaligida buni kamchilik deb hisoblagan bo`lsa, hozirda qalin qoshlaridan faxrlanadi.

“Boshqalar qoshlarim haqida gapirsa, noqulay ahvolga tushardim. Ammo bir kuni Tokioga “Oppoqoyim: Gnomlar qasosi” filmi promoushnida qatnashayotganimda bir qizaloqning “Qaranglar, qoshim Lili Kollinzning qoshlariga o`xshar ekan” degan gapini eshitib, bundan xursand bo`lib ketdim”, deydi aktrisa.

Bugunga kelib, aktrisa ilgarigiday qoshlaridan uyalmaydi. Qoshlarini o`zgartirishga harakat qilgan stilistlarga rad javobini beradi. “O`zingga g`alati tuyuladigan, yoqmaydigan kamchiliklaring seni boshqalardan farqlar, o`ziga xoslik kasb etar ekan”, deydi Lili Kollinz.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!