Mistik hikoya: “Jinnazar”

15:02, 07 iyun

Ushbu voqeani tahririyatga qo`ng`iroq qilgan namanganlik muxlisimiz Zafar Abdullaev so`zlab berdi... 

“Ikkinchi o`g`limizning endi chillasi chiqqan pallalar edi. Hali ikki oylik bo`lmagan bo`lsa-da, do`mboqqina, tetikkina chaqaloq bo`lgani  uchun hammaning e`tiborini tortardi. Qaynonam rahmatli ayolimni koyigani-koyigan:

—  Bolani yotqizib qo`ysang bo`ladi-ku! Nega ko`tarib ko`chaga ham chiqasan? Ko`zikib qoladi.

Mening onam erta vafot etib ketgani tufayli har farzandlarimiz dunyoga kelganida qaynonamni uyga olib kelardim. Xotinimga chaqaloq ancha o`zini tutib qolguncha qarashib ketardi. Lekin ayolim eskichaga u qadar ishonmagani uchun onasining gapini qulog`iga ilavermasdi:

—  Aya, bu dunyodan mening bolamdan boshqasi yo`qmi? Hammada ham bor bola. Kelib-kelib menikiga ko`z tikishadimi?

—   Sening bu bolang boshqacha. O`n oyda zo`rg`a tug`ding. Qorningdayoq chillasi chiqib ketgan uning. Ko`zim tegmasin-u, uch-to`rt oylik bolaga o`xshaydi. Shuning uchun sal asrashing kerak.

—  Sizga qolsa, meni ham chiqarmaysiz...

“Qari bilganni pari bilmas”, deganlari rost ekan. Qaynonam bekorga javramaganiga o`g`limiz ikki yarim oylik bo`lganida ishondik. O`shanda qaynonamning ukasi o`g`lini uylantirayotgandi. Qaynonam bir hafta oldin ketadigan bo`ldi. Qiziga qattiq  tayinladi:

—  Menga qara, sen bormasang ham hech kim xafa bo`lmaydi. Chaqalog`ing borligini bilishadi. 

—  Bu nima deganingiz, aya? Tog`amnikida to`y bo`ladi-yu, bormaymanmi?

—  Tog`ang endi to`y qilayotgani yo`q. Shuncha qiz chiqardi, o`g`il uyladi. Ko`rding-ku!

Xotinim baribir qaysarligiga bordi. Kattamizni etaklab, kichigimizni ko`tarib yo`lga tushdi. Men ishdan chiqib boradigan bo`ldim. Borsam, hamma meni kutib turgan ekan.

—  Pochcha, keldingizmi? Xotiningizni olib keting, — dedi meni ko`rishi bilan qaynsinglim.

—  Tinchlikmi? — so`radim hayron bo`lib.

—  O`g`lingiz sira ko`nmayapti.

“Shunga shuncha vahimami?” dedim o`zimcha. Ammo big`illab yig`layotgan o`g`limning ovozidan sergaklandim. O`zini ko`rganimda esa ochig`i, qo`rqib ketdim. Chaqaloq qizarib, bo`g`riqib ketgan, tinimsiz yig`lardi.

—  Dadasi uyga ketaylik, — dedi ko`zi menga tushishi bilan yig`lagudek bo`lib xotinim.

Qaynonam ham biz bilan birga uyga keldi. Darrov isiriq tutatdik. Qaynonam non siladimi-ey, kulni qorniga bosdimi-ey, ishqilib irimlarini qildi. Bola biribir tinchlanay demasdi.

—  Do`xtirga olib boraylik. Biror joyi og`riyapti, buning, — toqatsizlanib dedi xotinim.

—  Do`xtirda nima bor? Men bilaman, ko`ziktirgansan. Yur, Eshon qishloqdagi mullaga borib kelamiz... — jerkib berdi qaynonam.

Bolani ko`tarib yo`lga tushdik. Mulla bolani ko`rib seskanib ketdi. Bosh chayqagancha dedi:

—  Odamning nazariga bola bunchalik bo`lmaydi. “Jinnazar” deyishadi buni. 

Mulla bolani bag`riga bosgancha xonasi tomon ketdi. Xotinim ergashdi. Qiroat bilan o`qilgan duo bizga ham eshitilib turardi. Ammo chaqaloqning ovozi undan-da, baland chiqardi. Ortiq chiday olmadim. To`g`ri uyga kirdim-u, bolani olib chiqdim. Mulla ortimdan “hay-hay”lagancha qoldi. 

Bechora bolaginam ko`p yig`laganidan terga pishib ham ketgandi. 

“Sal kiyimini engillatib, toza havoda ko`tarib tursam-chi?” degan fikr keldi miyamga. Sal narida oqib turgan ariq labiga cho`kdim. Ichimda chin dildan Xudoga iltijo qildim:

“Ey, Xudoyim, shu go`dakka bergan dardingni o`zing ol. Mana shu oqayotgan suvga sol. Uzoq-uzoqlarga oqizib ketsin”...

—  Nega bu erda to`xtab qoldingiz? — orqamdan xotinimning ovozi eshitildi.

Ammo bolaning tinchlanayotganini qaynonam sezib, ayolimni olib nari ketdi. Men esa qayta-qayta ichimda duo qildim. “Otaning duosi — o`q”, derdi rahmatli onam. Deganlarim etib, bordimi, yo boshqa sinoat bo`ldimi, bolam tinchlandi-qoldi. Buni haligacha na qaynonam, na men, na ayolim izohlay olaymiz...

KAMINA yozib oldi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!