Samarqand viloyatining Bulung`ur tumani 2018 yilgacha tubdan o`zgaradi

16:48, 07 iyun

Bulung`ur geografik jihatdan qulay joylashuvi, tabiati, transport kommunikasiya tarmog`idan foydalanish imkoniyati yuqoriligi bilan Samarqand viloyatining boshqa hududlaridan farq qiladi. Bog`dorchilik, meva-sabzavot etishtirish va uni qayta ishlash sohasida ham tumanda boy tajriba to`plangan. 

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 30 mayda qabul qilingan “Samarqand viloyatining Bulung`ur tumanini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori bu boradagi ishlar ko`lamini yanada kengaytirishga xizmat qiladi. 

Birinchi yo`nalish – oziq-ovqat va nooziq-ovqat iste`mol tovarlari, qurilish materiallari tayyorlash bo`yicha ishlab chiqarish quvvatlarini yangidan barpo etish, modernizasiya qilish, texnik va texnologik yangilash bo`yicha investisiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan tumanda qator yillardan bo`yon ishlamasdan, bo`sh turgan sanoat korxonalarida ishlab chiqarishni qayta tiklash va yo`lga qo`yish nazarda tutilgan. Ushbu maqsad uchun umumiy qiymati 57,7 million dollarlik 69 loyiha amalga oshiriladi. 

Xizmatlar sohasi va servis infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida investisiya loyihalarini amalga oshirishga qaratilgan ikkinchi yo`nalish bo`yicha 41,3 milliard so`mlik 116 loyiha bajarilishi belgilangan. 

Muhandislik-kommunikasiya va ishlab chiqarish infratuzilmasini jadal joylashtirish yo`nalishida ham keng ko`lamli ishlar rejalashtirilgan. Jumladan, tumanning arxitektura qiyofasini o`zgartirish bo`yicha 2016-2018 yillarda 52,8 milliard so`mlik qurilish-ta`mirlash ishlari bajariladi. Tuman markazidagi istirohat bog`ida zamonaviy attraksionlar o`rnatish, sun`iy ko`l barpo etish, 400 o`rinli yangi bozor qurish, “Oqtepa” bozorini rekonstruksiya qilish, ko`p qavatli 3 uy-joy qurish, ko`p qavatli 12 uyni mukammal ta`mirlash, 24 bino va inshootlarni rekonstruksiya qilish, namunaviy loyihalar asosida 115 uy qurish belgilangan. 

Yo`l-transport infratuzilmasini rivojlantirish va modernizasiya qilish maqsadida 118,7 kilometr uzunlikdagi yo`lda ta`mirlash ishlari amalga oshiriladi. Tuman yo`l qurilish bo`limi moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy transport vositalari sotib olish uchun mablag` ajratilgan. Aholiga qulaylik yaratish maqsadida 34 “Isuzu” avtobusi xarid qilinadi, tumanning chekka hududlaridan tuman va viloyat markaziga olti yo`nalishda qatnov yo`lga qo`yiladi.

Aholining elektr energiyasi, tabiiy gaz va toza ichimlik suvi ta`minotini yaxshilash maqsadida elektr tarmoqlari liniyalarida 18,4 milliard so`mlik ta`mirlash va yangilash ishlari olib boriladi. Axborot-kommunikasiya texnologiyalarini rivojlantirish maqsadlariga yo`naltiriladigan 1,8 milliard so`m mablag` evaziga tumanda mobil va internet aloqa tarmoqlarini yaxshilash, raqamli televidenie qamrovini 70 foizdan 100 foizga ko`paytirish belgilangan. 

Qishloq xo`jaligi ishlab chiqarishni barqaror rivojlantirishni ta`minlash yo`nalishida 125,1 milliard so`mlik tadbirlar amalga oshiriladi. Bunda 58 zamonaviy qishloq xo`jaligi texnikasi, 2 ming 42 bosh naslli qoramol, 307 ming bosh parranda, 2 ming 500 bosh quyon sotib olinib, yangi loyihalar hayotga tatbiq etiladi. 10,8 gektar maydonda baliqchilik, 520 oila asalari xo`jaligi, 18 ming tonna qishloq xo`jalik mahsulotlarini saqlash imkoniyatiga ega 3 sovutkichli ombor, 2,8 gektar maydonda issiqxona tashkil etiladi. 

Sug`oriladigan erlarning meliorativ holatini yaxshilash jamg`armasi mablag`lari hisobidan 2016-2018 yillarda 8,9 milliard so`mlik irrigasiya-meliorasiya ishlari bajariladi. “Bulung`urdavsuvmaxsuspudrat” korxonasining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash uchun lizing shartlari asosida 2 ekskavator sotib olinadi va korxona negizida beton zavodi ishga tushiriladi.

Ijtimoiy infratuzilmani yanada rivojlantirish yo`nalishida ijtimoiy soha ob`ektlarining bugungi holati inobatga olinib, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida 40,1 milliard so`m mablag` yo`naltirish ko`zda tutilgan. Bu asosan ta`lim va tibbiyot muassasalarini ta`mirlash va rekonstruksiya qilish, ularni jihozlash, sport zallari qurilishiga sarflanadi. Qirqshodi va 1-madaniyat va aholi dam olish markazlarida rekonstruksiya, jihozlash ishlari amalga oshiriladi. 
Ta`kidlash lozimki, dasturda belgilangan vazifalarning amalga oshirilishi bilan 2019 yilga borib tuman aholisi daromadlari 2,5 barobarga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2,3, xizmat ko`rsatish sohasi 2,9, qurilish-pudrat ishlari 2,2, qishloq xo`jaligi 2,1 martaga oshishi, qishloq xo`jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hajmi 42 foizga etkazilishi kutilmoqda.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!