Farzandingiz yozgi ta`tili unutilmas bo`lishi uchun 15 tavsiya

16:09, 08 iyun

Mana, yoz ham boshlandi, shuningdek, farzandlarimizning uch oylik ta`til davri ham. Ammo bolalarga biz kattalar istaganimiz kabi 5 yulduzli mehmonxona kerak emas: ular oddiygina narsalardan ham quvonch oladi. Masalan, suzish havzalariga borish, o`zi xush ko`rgan mashg`ulotlar bilan shug`ullanish... Agar shu kabi mashg`ulotlarni farzandlaringiz bilan birgalikda bajarsangiz, bu ularning yodida bolalikning bir  umrlik yorqin xotirasi bo`lib saqlanib qoladi. 

Ushbu sahifada farzandlaringiz siz bilan o`tkazgan damlarini quvonch bilan eslab yurishlari uchun  yoz faslida  amalga oshirishingiz lozim bo`lgan 15 mashg`ulotni sanab o`tmoqchimiz. 
 

1.  O`zingiz xush ko`rgan eguliklardan olib, hordiq uchun istirohat bog`iga sayrga otlaning.
2.  Velosipedga minib o`zingiz yashagan shaharning qulay hamda sizga notanish bo`lgan manzarali maskanlariga yo`l oling
3.  Olcha, o`rik, malina va boshqa rezavor mevalardan turli xil shirinliklar pishiring, so`ng yaqinlaringiz, qo`shnilaringizni mehmon qiling
4.  Tabiat qo`ynida badminton, voleybol o`yinlarini tashkil eting. Umuman biron-bir sport turi bilan har kuni shug`ullanishni odat qiling
5.  Cho`milish suv havzalarining qumli qirg`oqlarida suratlar chizing, katta-katta harflar bilan ismlaringizni yozing, chig`anoqlarni to`plab tasavvuringizdagi ixchamgina qumli qal`a bunyod eting
6.  Bobo va buvilar uchun tilaklaringiz bayon etilgan kichikkina otkritka tayyorlab, pochta orqali tuhfa qilib yuboring
7.  Hovlingizdagi bog`da yozgi ekinlardan ekib, uni parvarish qiling va o`sishini kuzating
8.  Dala hovli yoki hovlingizda palatka o`rnatib, tunda yulduzlarni kuzating va tilaklaringizni bayon eting, ular bilan sirlashing
9.  Quyosh chiqishi va botishini kuzating
10.  Maysalardan “”tovuq” va “xo`roz” yasang va “Qani toping-chi” o`yinini o`ynang
11.  Bog`da pishgan ho`l mevalardan o`zingiz terib, qish uchun konservalar yoping, bu yozning mazmunli o`tganidan bir yoqimli xotira bo`lishi shubhasiz
12.  Yangi chiqqan 10 ta kitobni birgalikda mutolaa qilish ham foydadan xoli emas, bu sizning ta`tilni mazmunli va foydali o`tkazishda muhim omillardan biridir
13.  O`z qo`lingiz bilan nimadir yasashga harakat qiling:  masalan, qog`ozdan kemacha yasab, uni oqar suvga oqizishingiz mumkin. Yoki loydan haykallar, karving yasashni, mashinalarga tasvirlar tushirishni o`rganing.
14.  Biron-bir musiqa asboblarini chalishni yoki o`zingiz sevgan qo`shiqlardan birini birgalikda kuylang.

•  Eng muhimi yozda amalga oshirgan har bir ishingizni suratga olib, uni maxsus ramkalarga soling va xonangizga ilib qo`ying. Bu sizga har bir oningiz mazmunli o`tganini eslatib turadi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!