“Uchinchi ko`z”ning sinoati

16:42, 08 iyun

—  Bolaligimda ko`zimga har xil narsalar ko`rinardi, — deya gap boshladi buxorolik Zebo opa. — Agar birovlar aytsa ishonmasdim. O`zimning boshimdan o`tgani uchun bu dunyodagi barcha sir-sinoatlarga ishonib qoldim.

Onamning aytishicha, mening “uchinchi ko`z”im bor ekan. Bu ko`zim orqali hech kim ilg`amaydigan, ko`rmaydigan narsalarni ko`ra olar ekanman.

Voyaga etganimdan so`ng ota-onam meni uzatishdi. Oradan bir yil o`tgach, farzandli bo`ldim. Shundan so`ng tushimda kimlarnidir ko`ra boshladim. Kimlardir menga allaqanday voqealarni aytib ketardi.

Bir kuni tongga yaqin tush ko`rdim. Kimdir menga “Seni otang bir yildan so`ng 29 iyulda, saraton kasaliga yo`liqib, soat o`n beshta kam ettida  vafot etadi”, dedi. Ko`rgan tushimdan qo`rqib, cho`chib, uyg`onib ketdim. Darhol yugurib borib uyimiz orqasidan oqib o`tadigan suvga tushimni aytdim. Chunki yomon tushni suvga aytsa, suv uni oqizib ketadi, deb eshitandim.

O`sha kundan so`ng halovatimni yo`qotdim. Qo`rquv ichida yashadim. Bu orada otamning sog`ligini tez-tez so`raydigan bo`lib qoldim. Bundan esa onam hayron. Otam bo`lsa, biror joyim og`riyapti, deb ham aytmasdi.

Bir kuni yurak yutib onamga bu haqda aytdim. Onam gaplarimni eshitgan zahotiyoq otamdan ayrilib qolmaylik, deya turmush o`rtog`ini majburlab shifoxonaga olib borishdi. Barcha tekshiruvlardan o`tkazishdi. Afsuski kechikibmiz. Otam rostdan ham saraton kasaliga chalingan ekan.

Uyga xomush bo`lib qaytdik.

Bu orada ukam to`y qiladigan bo`lib qoldi. U to`yni aynan 29 iyulga mo`ljallabdi. Men bo`lsa bu sanada to`y qilmaslikni unga rosa uqtirdim. Ammo sababini aytolmadim.

—  To`yni 27 iyulda o`tqizasan. Otamning mazasi yo`q. Zo`rg`a yuribdi, — deya uni bu fikridan qaytarishga urindim.

—  Opa, qiziqmisiz, otam tuppa-tuzuk yuribdilar-ku! Meni bu sanada vaqtim yo`q. Ishim boshimdan oshib yotibdi. Shuning uchun yakshanba kuniga mo`ljalladim, — deya ukam o`z so`zida turib oldi.

Ammo men ham bo`sh kelmadim. Axiyri ukamni to`yini men aytgan kunda qilishga ko`ndirdim.

To`y xursandchilik bilan o`tdi. 29 iyul kuni ham etib keldi. Onam bilan mening yuragim tahlikada. Shuning uchun barcha oila a`zolarini otamnikiga yig`dik. Dasturxon atrofida o`tirib ovqatlandik. Shundan so`nggina onam farzandlariga otamning kasalini aytdi. Hamma  dovdirab qoldi. Keyin otam yotgan xonaga yopirilib kirishdi. Otam hammamizga bir-bir qarab chiqdi. Soat kechqurungi olti bo`ldi. Yuragim taka-puka bo`la boshladi. Bir payt behol yotgan otam qo`lini tepaga cho`zib  dedi:

—  Dada, anavi  uzumdan olib bering. Muncha chiroyli bo`lib pishgan ekan-a? — keyin esa, xuddi nimadir egandek tamshanib qo`ydi. — Munchayam asal bo`lmasa bu uzum...

Soat millari o`n beshta kam etti bo`lishiga ozgina qoldi. Ko`zlarimga yosh qo`yilib kelardi. O`zimni zo`rg`a tutib turibman. Aytilgan vaqt etib keldi. Otam shundoqqina kulimsiraganicha kalima qaytardi-yu, o`ng tomoniga qayrilgan boshi shilq etib tushdi. Hammamiz yig`lab yubordik. Ovozni eshitgan qo`ni-qo`shnilar darhol uyimizga chiqishdi. Hech kim otamning o`lganiga ishonmasdi. Chunki ertalab otam darvoza oldida nevaralariga ish buyurayotganini qo`shnilar ko`rgan ekan-da.

Shunday qilib otam tushimda aytib ketilgan vaqtda vafot etdi. Qizig`i shundaki, bunday bashoratomuz tushlarni o`shandan beri qaytib ko`rganim yo`q. 

Xonbibi HIMMAT qizi yozib oldi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!