Ra`no Zokirova: Taksi haydovchisining gaplari yuzimga shapaloq tushirilgandek bo`ldi

13:11, 09 iyun

 “Vodiylik kelin”, “Shaytanat”, “Yodgor” kabi 20 dan ortiq filmlardagi takrorlanmas obrazlari bilan xalq mehrini qozongan samimiy aktrisa Ra`no Zokirova salomatlik va ayollar go`zalligi borasidagi fikrlarini “Shifo-info” gazetasiga bergan intervyusida ma`lum qildi. 

Xususan, aktrisa hayotidagi unutilmas saboq haqida quyidagilarni so`zlab berdi:

“O`n yilcha avval kechki payt teatrdan nihoyatda charchab kelyapman. Taksi ushladim-u, tezroq uyga borib, dam olgim kelyapti. Shu payt haydovchi nuqul savollar berib, har xil narsalarni so`rayapti. Manzilga etib kelgach, kira haqini uzatganimda, ‘Yo`q, rahmat, sizdan pul olmayman! Shu paytgacha barcha filmlaringizni tomosha qilib, oilaviy muxlislik qilar edik. Biroq hayotda umuman boshqacha ekansiz...’, desa bo`ladimi? Uning tanbehi xuddi siz zaharga yaqinroq ekansiz, degan mazmunda tuyuldi. Uning gaplari yuzimga shapaloq tushirilgandek bo`ldi. Bu menga juda qattiq ta`sir qildi. O`sha voqea hanuzgacha xotiramda, qalbimda qolgan. To`g`ri, o`shanda u muxlis bo`lgani uchun juda bir samimiy savollarni yog`dirgan edi. Lekin men ham tirik jonman. Mazam bo`lmay, kayfiyatsizligimdan yoqimsiz javob bergandirman-da. Endi u qachon meni ekranda ko`rsa, albatta xotirasida mening qo`rsligim muhrlanib qolgan. Mana shu holat menga katta dars, saboq bo`lgan”.

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!