AQShlik 25 yoshli yigit 1 yildan ortiq yuraksiz yashadi

17:05, 10 iyun

Ko`chma komplektli batareya o`rnatilgan Syn Cardia sun`iy yuraklarini yuzlab mijozlar o`zlarida sinab ko`rishdi, deb xabar berdi “Geektimes.ru” nashri. 

A`zo ko`chirib o`tkazish oson ish emas. Mabodo prezidentga ham biror inson a`zosini ko`chirib o`tkazish zarur bo`lib qolsa, hamma qatori navbatda turib, ilojsiz donor kutadi, oddiy fuqaroga esa bu borada undan ham og`ir bo`ladi. Bugungi kunda AQShda 121.000 nafar bemor navbatda turib, donor kutmoqdi. Navbati etib kelmasdan, har kuni 22 nafar bemor hayotdan ko`z yumadi. 

Yaxshiyamki, ilm-fan bir joyda to`xtab qolmay, rivojlanmoqda. AQShda bemorlarning o`limiga chek qo`yish maqsadida, yurak ko`chirib o`tkazish operasiyasini kutayotgan bemorlarning hayotini saqlab qolish uchun yangi texnologiyani ixtiro qilishdi.

Bu innavasion texnologiya amaliyotda qo`llandi. Masalan, navbati etib kelguncha amerikalik  Sten Larkin (Stan Larkin) ismli 25 yoshli bemor yuraksiz 17 oy yashadi.

Bundan bir necha yillar ilgari Sten Larkin va uning akasida vrachlar irsiy kardiomiopatiya kasalligi borligini aniqlashgan.

Bu kasallik tezlik bilan rivojlangani bois bemorning uzoq yashashi dargumon bo`ladi. Yagona umid — yurak ko`chirish operasiyasidir.

2014 yilning dekabrida Stenning yuragi yaxshi ishlamaganligi bois, vrachlar uni olib tashlashga qaror qilishgan. U Michigan shtatidagi ilk sun`iy yurakli inson bo`ldi. Vrachlar unga Syn Cardia Freedom Portable Driver nomli 6 kilogrammli, ko`tarib yurishga qulay bo`lgan, ixcham uskuna o`rnatishdi. Bu uskunaga o`rnatilgan nasos orqali u haqiqiy yurak vazifasini bajarib, tomirlarga qon yuboradi.

2010 yilda bu qurilma sinovdan muvaffaqiyatli o`tgan va 2012 yilda tibbiyot texnologiyalari yutuqlari ko`rik-tanlovining reanimatologiya va shoshilinch tez yordam toifasidagi mukofotni qo`lga kiritgan.  

Bu qurilmadan yurak mushaklari ishdan chiqqanda foydalaniladi, u ixcham bo`lgandan ryukzakka solib ko`tarib yurish mumkin. U boshqa qurilmalardan farqli ravishda haqiqiy yurak vazifasini bajaradi. Bundan ilgari yaratilgan qurilma katta bo`lib, faqat bemor to`shakda yotgan holatdagina unga ulanish mumkin bo`lgan.  

Sten Larkin sun`iy yurak bilan 555 kun yashagan. Sun`iy yurak 160 gramm og`irlikka ega bo`lib, uning qo`shimcha batareyali komplekti ryukzakda yuradi, narxi esa 124.800 dollardir.

Larkinning akasiga ham 2015 yilda sun`iy yurak o`rnatilgan, ammo oradan bir necha hafta o`tmay, donor yurak topilgan. Ammo Sten sun`iy yurakli ryukzak bilan bir yarim yil yurishga majbur bo`ldi. Sun`iy yurak o`rnatilgan bemor tez-tez shifoxonaga borib, ko`rinib turishi lozim, ammo jismoniy harakat cheklanmaydi, ammo og`ir ko`tarish mumkin emas. Biroq Sten vrachlarni hayron qoldirib, basketbol o`ynadi. Nihoyat, 2016 yilning 9 may kuni Sten Larkin operasiyani boshdan o`tkazib, haqiqiy yurakka ega bo`ldi.

Kim biladi deysiz, kelajakda hozirgidan-da ko`ra ishonchli va mustahkam sun`iy yurak ishlab chiqarilar? Yurak kasalliklari oqibatida har kuni minglab odamlar dunyodan ko`z yumadi, bu uskuna millionlab insonlarning umrini uzaytirishga, hayotga qaytarishga ko`maklashadi, deb umid qilamiz.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!