Ro`zadorlarga tavsiya etiladigan to`yimli taomlar

14:46, 13 iyun

Ramazon oyining yozning issiq kunlariga  to`g`ri kelishi ro`za tutishni niyat qilganlarda biroz hadik uyg`otayotgan bo`lishi mumkin.  Ammo siz bundan tashvishga tushmang. Saharda o`zingiz uchun quvvat va chanqoqbosdi bo`ladigan taom va ichimliklarni tanlay olsangiz bas. Bunda esa biz sizga momolarimiz maslahatlariga tayangan holda ko`makdosh bo`lamiz.

Saharlik uchun

GO`JA OShI

Ushbu taom saharlik uchun juda ma`qul. Chunki u o`zining vitaminga boyligi, to`yimliligi va tashnalikni chaqirmasligi bilan ahamiyatli.

Masalliqlar: 500 gr. go`sht, 300 gr. tayyorlangan jo`xori, 100 gr. yog`, 2 bosh piyoz, o`rtacha kattalikda 2 donadan kartoshka va sholg`om, ta`bga ko`ra kashnich va rayhon bog`lami.

Aslida go`ja oshi uchun do`konlarda sotiladigan yarim tayyor jo`xorini ishlatgan ma`qul. Agar jo`xorini ham o`zingiz tayyorlamoqchi bo`lsangiz, qo`qonjo`xorini po`sti yaxshi ajralishi uchun oz-oz suv sepib, kelida tuyasiz. Tuyilgandan keyin sovuq suvda yaxshilab yuvib, ivitib qo`ying.

Qozonga yog` solib, qizigach avval mayda to`g`ralgan go`shtni, so`ng piyozni solib, yaxshilab qovurasiz. So`ng suv quyib, tayyor ivitilgan jo`xorini soling. Taom 45 daqiqa qaynagach, to`rtburchak shaklda mayda to`g`ralgan kartoshka va sholg`omni qo`shing. Go`ja oshiga masalliqlarning barchasi pishgachgina tuz solinadi.

Tayyor taom kosalarga suzilgach, ustiga mayda to`g`ralgan kashnich va rayhon sepishni unutmang.

BODROQ TALQON
 
Zarur mahsulotlar: 500 gr. donga 200 gr. qand.

Tayyor qovurilgan bodroqni qand bilan birgalikda kelida tuying. So`ng uni yaxshilab elakdan o`tkazing. Talqonni saharlik taomidan so`ng sut, choy yoki qaymoqqa aralashtirib iste`mol qilish mumkin.

Ushbu talqonni xuddi shu yo`sinda qovurilgan bug`doy, qo`qonjo`xori yoki qotgan nondan ham tayyorlash mumkin.

Iftorlik uchun

DARMON ShO`RVA

Bu taom ayni iftorlikka mosdir. Sababi, u kun bo`yi och yurgan oshqozonga qattiq botmaydi va tananing suvga bo`lgan ehtiyojini ham qondiradi. 
 
Masalliqlar: 800 gr. tovuq go`shti, tok, yalpiz, otquloq, shovul, rayhon barglaridan hammasi bo`lib 100 gr. 2-3 dona lavr yaprog`i, 200 gr. guruch va 150 gr. qaymoq.

Tovuq go`shtini suvga solib, qaynatma sho`rva kabi qaynatasiz. Go`sht pishay deganida guruchni yuvib soling. Suyuq taom tayyor bo`lgach, barcha barglarni yirikroq to`g`rab qozonga tashlang va besh daqiqa qaynating.

Darmon sho`rva kosalarga suzilgach, bir qoshiq qaymoq qo`shilib dasturxonga tortiladi.

TURShAK SUVI

Masalliqlar: 1 kg. turshak va uch litr suv.

O`rik turshagini yaxshilab yuvib, sirli idishga soling va ustidan suv quyib qaynating. Qaynash jarayonida turshak yumshagach, olovdan olib soviting. Turshak suvi sovigach, doka yordamida suzib oling. Tayyor sharbatni sovuq holda saharlikda ham, iftorlikda ham ichsa bo`ladi. U yurakka quvvat, tanaga darmon berish bilan birga chanqoqni ham qondiradi.

Ro`zador uchun   5 muhim eslatma

•    Iste`mol qilmang: yog`li va qovurilgan taomlarni, qand miqdori ko`p bulgan maxsulotlarni!
•    Chetlaning: saharlik vaqtida ko`p eb qo`yishdan, ko`p miqdorda suv ichishdan (buning oqibatida kun davomida organizmni tonusda ushlab turuvchi mineral tuzlar chiqib ketadi) 
•    Chekmang! Agar bu odatingizni tashlay olmasangiz, unda Ramazondan bir necha hafta oldin chekishni kamaytirib boring. Chekish sog`liq uchun zarar, chekishni tashlang!
•    Saxarlik vaqtida tanovul qiling: murakkab uglevodlar, xurmo – qand, uglevod,  kaliy, magniyning ajoyib manbai; bodom – proteinlar va tolasimon moddalarga boy, o`zida kam yog` saqlaydi; banan – kaliy, magniy, uglevodlar manbai.
•    Iching! Organizmda suvning normal miqdorini ushlab turish uchun iftor va uyqu orasida ko`proq suv va sharbatlar iching.

Sevara Nishonova tayyorladi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!