Beshqayrag`ochda yuz bergan avtobus ishtirokidagi YTH sabablari ma`lum qilindi

11:02, 14 iyun

9 iyun kuni Toshkent shahridagi Beshqayrag`och mavzesida 53-sonli avtobus ishtirokida yo`l-transport hodisasi sodir bo`lgani haqida xabar bergan edik.  

“Novosti Uzbekistana” nashrining ma`lum qilishicha, YTH avtobus haydovchisining o`zini yomon his etishi oqibatida yuz bergan. 

9 iyun kuni, soat 9:00 da №53 sonli yo`nalish bo`yicha yo`lga chiqqan Mersedes rusumli avtobus Beshqayrag`och mavzesida elektr ustunga borib urilgan. Oqibatda ustun avtobus salonining yarmigacha kirib ketgan. Bir necha yo`lovchi tan jarohati olgan. O`sha kuni YTH suratlari ijtimoiy tarmoqda ancha shov-shuvlarga sabab bo`ldi, ammo YTHning aniq sababi haqida axborot berilmagan edi.

Dushanba kuni “Novosti Uzbekistana” nashri muxbiriga №18 avtobus parki direktor o`rinbosari Javohir Ahmedov YTHning rasmiy ekspertiza xulosalarini hali olmaganligini bildirgan. Kunning haddan ziyod qizib ketganligi oqibatida haydovchi o`zini yomon his qilib, boshqaruvni nazorat qila olmagan. Uning ma`lumot berishicha, haydovchi tezlikni oshirmagan, YTH paytida tezligi soatiga 51 kilometr bo`lgan, avtobus salonida 15 nafar yo`lovchi bo`lib, ulardan 4 kishi tan jarohati olgan, qurbonlar bo`lmagan.

Javohir Axmedov haydovchining taqdiri rasmiy ekspertiza xulosalari olingandan keyin hal bo`lishini ta`kidladi, hozircha u vaqtincha ishdan chetlatilgan. Agar ekspertiza xulosalari uning aybdorligini tasdiqlaydigan bo`lsa, haydovchi ishdan bo`shatiladi. Shu bilan birga, J.Axmedov avtobus ta`mirlanayotganligini, yaqin kunlarda qayta tiklanib, yo`nalishga chiqishini ham aytib o`tdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!