Farg`onalik fermerlar tuman hokimining yo`l qo`yayotgan adolatsizliklaridan shikoyat qilishdi

16:03, 14 iyun

“Darakchi” gazetasiga Farg`onaning Furqat tumanidagi Hayit va Shunqor qishlog`idan fermerlar G`.Bektoshev va O`.Annamuratovlar Furqat tumani hokimining tender asosida fermerlarga er uchastkasini berishda yo`l qo`yayotgan adolatsizliklaridan shikoyat qilib kelishdi. 

Ularning aytishicha, tuman hokimining adolatsizliklari haqida bir qator davlat boshqaruvi organlariga va huquq-tartibot idoralariga murojaat qilishgan, ammo ularning murojaatlari yuqori tuzilmadan quyi tuzilmaga biriktirilgancha qolavergan xolos.

Birgina tuman prokuraturasi murojaat bo`yicha ishni o`rganib protest kiritishga haddi sig`gan-u, ammo bu protest tuman hokimi uchun zarracha ahamiyat kasb etmagan. Xo`sh, hatto tuman prokuraturasining kiritgan protestiga ham panja orasidan qarashga haddi sig`gan tuman hokimi nega fermerlarning muammosiga echim topmayapti? Nahotki tuman hokimining qilayotgan ishi-yu, chiqarayotgan qarori borasida protest kiritishda tuman prokuraturasi adashgan bo`lsa? 

Xo`sh, tuman hokimining qarorlari adolatli, xalq manfaati uchun ishlab chiqilayotganini o`rganib, g`alvirdan ko`taradiganlar bo`lmasa... Hozircha bu mavzu yuzasidan bir chimdim ilindik, fermerlarga er berishda o`tkazilayotgan tenderda adolatsizliklarga yo`l qo`yilayotgani borasida hokimning qarorlarini Bosh prokuratura o`zi nazoratga olib, muammoga echim toparmikan? 

Ana shunga echim topish uchun biz murojaatni Bosh prokuraturaga yo`naltirdik, Bosh prokuratura ushbu murojaatni o`rganish jarayonida mahalliy davlat boshqaruvi organida qanday nazorat o`tkazadi, buni “Darakchi” gazetasining navbatdagi sonlarida bilib olasiz. Hozircha esa Chirchiqdagi ichimlik suvi masalasi va Qashqadaryoning Qamashi tumanida ko`prik qurilishida murojaatchilarning arizalari qanday echim topgani haqida 16 iyun kuni sotuvga chiqadigan “Darakchi” gazetasining 24-sonida o`qing. 

Sizda biror muammo yuzaga keldimi? O`zingizning hududingizda echimini kutayotgan masalalar bo`yicha esa “Darakchi” gazetasining “Erkin minbar” sahifasiga yozing. Siz yozing, biz echim topishga ko`maklashamiz.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!