Inha universitetida yangi fakultet ochiladi

10:38, 16 iyun

Aloqa tarixi muzeyida Toshkent shahridagi Inha universitetining yangi fakulteti ochilishiga bag`ishlangan matbuot anjumani o`tkazildi. 

Yangi fakultet logistikani boshqarish bo`yicha axborot tizimlarini yaratish va sohaga tatbiq etish, logistika kompaniyalarini tashkil etish va boshqarish bo`yicha mutaxassislar tayyorlaydi.

Anjumanda ayni paytda logistika fakulteti talabalari uchun o`tiladigan majburiy va qo`shimcha o`quv kurslari ro`yxati ishlab chiqilgani ta`kidlandi. Talabalar o`quv jarayonida axborot-kommunikasiya texnologiyalari va logistika bo`yicha o`z bilimini boyitadi. O`quv dasturlari xalqaro logistika, etkazib berishni boshqarish tizimi, yuk tashish, havo va temir yo`l transportini boshqarish tizimi, biznes jarayonlarini boshqarish, resurslarni rejalashtirish hamda boshqarish tizimi va boshqa modullarga asoslanadi. 

Logistika fakultetiga 80 talabani qabul qilish rejalashtirilmoqda. Fakultetda o`qish uchun matematika fanidan imtihonni muvaffaqiyatli topshirish va kamida 6 ballik IELTS yoki 75 ballik TOEFL sertifikatiga ega bo`lish lozim. Kirish imtihonlari yakunlari bo`yicha eng yaxshi besh talaba dastlabki o`quv yilining birinchi semestrida o`qish uchun to`lovdan 100 yoki 50 foiz ozod etiladi. Bunday imkoniyat o`quv jarayonida eng yuksak natijalarga erishgan 5 talabaga ikkinchi semestrda ham taqdim etiladi. Bundan tashqari, talabalar manfaatdor tashkilotlarning maqsadli grantlarini olish imkoniyatiga ham ega bo`ladi. 

Yana shuni qayd etish kerakki, 2016 yilning iyun oyidan Toshkent shahridagi Inha universiteti TOEFL iBT testlarining sertifikatlangan ma`muriy markaziga (CTAS – Certified Test Administration Site) aylandi va bu abiturientlarga ingliz tili bo`yicha TOEFL iBT testlarini shu erning o`zida topshirish imkonini beradi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!