Evro–2016 turnirining eng boy futbolchilari. TOP-5

15:11, 16 iyun

Futbol bo`yicha 2016 yilgi Evropa chempionati ayni qizg`in pallaga kirib bormoqda. Guruh bosqichining 1-tur uchrashuvlari yakuniga etib, 2-tur o`yinlari start oldi. 

Mazkur turnirda qatnashayotgan futbolchilardan qaysi biri eng ko`p  daromad olishini hech o`ylab ko`rganmisiz? Agar yo`q bo`lsa quyidagi maqola siz uchun manzur bo`ladi. 

1. Krishtianu Ronaldu (Portugaliya)

Maosh va turli bonuslar: $56 mln

Reklamadan daromad: $32 mln

JAMI: $88 mln

Dunyoga mashhur Forbes jurnalining hisob-kitobiga ko`ra, Krishtianu Ronaldu 2016 yilda nafaqat futbolda, balki butun sport olamida eng ko`p daromad topgan sportchi bo`ldi. Uning “Real” bilan 2018 yilga qadar mo`ljallangan kelishuviga ko`ra, u yiliga turli bonuslar bilan 56 mln dollar ishlaydi. Reklamadagi daromadi esa 32 mln dollarni tashkil etadi. 

Dunyoning eng serdaromad futbolchisi bo`lgan Ronalduning Evropa chempionatida hozircha omadi kelmayapti. Dastlabki turda turnir debyutanti Islandiya bilan o`ynagan Porgugaliya 1:1 hisobida durang o`ynadi. Ronaldu esa gol ura olmadi. Shunga qaramay, u bizning reytingimizda 1-pog`onani zabt etdi. 

2. Zlatan Ibragimovich (Shvesiya)

Maosh va turli bonuslar: $30,4 mln

Reklamadan daromad: $7 mln

JAMI: $37,4 mln

Shvesiyalik 34 yoshli “qariya” hamon kuchga to`la va terma jamoasini marralar sari etaklashiga ishonadi. Ronaldu singari uning ham Evro–2016da “oti chopmayapti”. Ilk o`yinda Shvesiya Irlandiya bilan durang (1:1) o`ynab qo`ydi. Ammo aynan Zlatanning xatti-harakatlari evaziga Shvesiya mag`lubiyatdan saqlanib qoldi.

Ibragimovich yiliga 37,4 mln dollar maosh toradi. Ularning aksariyati ($30,4 mln)PSJ bilan tuzilgan shartnomadan kelgan. Qolgan 7 mln reklama tushumlarini tashkil qiladi. Qayd etish kerakki, futbolchi yozda Parij klubini tark etdi va katta ehtimol bilan “Manchester Yunayted”ga o`tadi. 

3. Garet Beyl (Uels)

Maosh va turli bonuslar: $24,9 mln

Reklamadan daromad: $11 mln

JAMI: $35,9 mln

Yuqoridagi ikki qahramonimizdan farqli ravishda Garet Beyl mamlakat terma jamoasi safida ancha ishonli o`yin namoyish qilmoqda. U dastlabki o`yinda jarima zarbasidan gol kiritib, Slovakiya ustidan erishilgan 2:1 hisobidagi natijaga o`z hissasini qo`shdi. 

“Real” hujumchisi dunyoning eng qimmat futbolchisi sifatida qayd etilgan bo`lsa-da, shaxsiy daromadi bo`yicha Ronaldu va Zalatandan qolib ketadi. Forbesjurnalining tahliliga ko`ra, Beylning yillik daromadi 35,9 mln dollardan iborat. 

4. Ueyn Runi (Angliya)

Maosh va turli bonuslar: $20,1 mln

Reklamadan daromad: $6 mln

JAMI: $26,1 mln

Angliya terma jamoasi sardori Ueyn Runi Evropa chempionatining eng serdaromad futbolchilari orasida 4-o`rinni egalladi. 30 yoshli futbolchi yiliga 26,1 mln dollar maosh oladi. Shulardan 20,1 mln dollarini “Manchester Yunayted” to`laydi. Qolgan 6 mln dollar turli reklamalardan keladi. 

Runi Evro–2016 turnirini omadli boshladi deya olmaymiz. Uning sardorligi ostida Angliya ilk o`yinda Rossiya bilan durang o`ynadi. Futbol ishqibozlari esa Angliyadan yaxshiroq natija kutgandi. 

5. Bastian Shvaynshtayger (Germaniya)

Maosh va turli bonuslar: $19,4 mln

Reklamadan daromad: $3 mln

JAMI: $22,4 mln

Germaniya terma jamoasi faxriylaridan biri Bastian Shvaynshtaygerning yillik daromadi 22,4 mln dollarni tashkil qilar ekan. Faoliyatining asosiy qismini “Bavariya”da o`tkazgan Shvayni o`tgan yili “MYu”ga kelib qo`shildi. U erda ham unga yaxshigina mablag` to`lashmoqda. 

Germaniyalik yarim himoyachi klub bilan shartnomasidan yiliga 19,4 mln dollar olsa, 3 mln dollarni reklamadan topadi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!