“Urganch” xalqaro aeroporti 2015 yilning eng yaxshi aeroporti deb topildi

09:49, 17 iyun

Xalqaro fuqaro aviasiyasining “Aeroport” assosiasiyasi tomonidan “Urganch” xalqaro aeroporti 2015 yilning eng yaxshi aeroporti deb topildi. 

“Urganch” aeroporti bir yo`la ikki nominasiya, ya`ni “MDH davlatlarining 2015 yil uchun eng yaxshi aeroporti” va “Turizm sohasiga qo`shgan ulkan hissasi” nominasiyalarida g`oliblikni qo`lga kiritdi. Tadbirda Xalqaro fuqaro aviasiyasining “Aeroport” assosiasiyasi bosh direktori Viktor Gorbachyov “Urganch” aeroporti rahbariyatiga Assosiasiya kubogi va maxsus diplomni topshirdi. 

2014 yilda aeroportda soatiga 600 yo`lovchiga xizmat ko`rsatish imkoniyatiga ega bo`lgan ikkita yangi terminal ishga tushirildi. Pul ayiriboshlash shoxobchasi, ona va bola xonasi, tibbiyot punkti, Duty-free do`koni va kafeteriyda zamonaviy sharoit yaratilgan. 200 yo`lovchiga mo`ljallangan tranzit, VIP, CIP zallari, ekipaj uchun dam olish xonasi mavjud. Terminalda sayyohlar uchun maxsus axborot xonasi joriy etilgan. Ular bu erdan hududning transport imkoniyatlari, mehmonxonalar, umumiy ovqatlanish joylari haqida va boshqa zarur ma`lumotlarni olishi mumkin. Binoda aviasiya xavfsizligini ta`minlash maqsadida zamonaviy tekshiruv uskunasi o`rnatilgan. Aeroport Parij, Milan va dunyoning boshqa shaharlaridan kelayotgan ko`plab sayyohlarni qabul qilmoqda. Yo`lovchilarning xavfsizligini ta`minlash va yuqori darajada xizmat ko`rsatish uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!