Toshkentda cho`kish bilan bog`liq hodisalar ro`y bergan xavfli joylarda kuzatuv postlari tashkil etiladi

13:08, 17 iyun

Toshkent shahar hokimligida Shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda Qutqaruv xizmati boshqarmasi rahbariyati ishtirokida navbatdagi matbuot anjumani o`tkazildi. Unda asosiy e`tibor Toshkent shahar Fuqaro muhofazasi boshlig`ining 2016 yil 27 maydagi Toshkent shahri hududidagi mavjud ochiq va yopiq suv havzalari, daryo, kanallar va anhorlarda joriy yilning yoz mavsumida xavfsizlikni ta`minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to`g`risidagi buyrug`i  mazmun-mohiyatiga qaratildi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati xabar beradi.

Tahlillar shuni ko`rsatmoqdaki, poytaxtimiz hududidan oqib o`tadigan kanallardagi suv harorati doimiy past bo`lib, shu bilan birga oqim tez, ushbu kanallar qirg`oqlarida joylashgan kafe va choyxonalarda alkogolli ichimliklar iste`mol qilib suvga cho`milayotgan fuqarolar bunday keskin holatda o`zlarini yo`qotib qo`yishlari ko`p uchrayotir. Havo haroratining keskin oshishi, qolaversa, tana haroratidagi issiq haroratning sovuq harorat bilan keskin almashishi oqibatida bunday o`zgarishga tayyor bo`lmagan tajribasiz, hali suzishni puxta egallamagan kishilarning turli baxtsiz hodisalar qahramoniga aylanib qolayotgani ayniqsa achinarlidir.

Shu bois ham Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan taklif etilgan bir qator chora-tadbirlar ma`qullangan. Jumladan, matbuot anjumanida Toshkent shahar hududidangi mavjud ochiq va yopiq suv havzalari(qo`riqlanadigan va qo`riqlanmaydigan anhor va kanallar, cho`milish zonalari va basseynlar)da fuqarolarning xavfsizligini ta`minlashga qaratilgan chora-tadbirlar, fuqarolarning cho`milishi jarayonida xavfsizligini ta`minlash uchun lozim bo`ladigan qutqaruv asbob-anjomlarining ro`yxati,  o`tgan mavsumlarda cho`kish bilan bog`liq hodisalar ro`y bergan xavfli joylarda hokimliklar, posbonlar, kamolotchilar, FVB qutqaruvchi-g`avvoslari, IIB xodimlari navbatchiligi, kuzatuv postlari tashkil qilish bo`yicha choralar belgilab olingan.

Matbuot anjumanida mazkur chora-tadbirlar haqida keng tushuncha berilib, ommaviy axborot vositalari orqali bu tartib va qoidalarni keng jamoatchilikka etkazish haqida fikr yuritildi.

Mazkur buyruqda shahar ichki ishlar bosh  boshqarmasiga tegishli bosh boshqarmalar, tuman hokimliklari, Tabiatni muhofaza qilish qo`mitasi Davbionazorat xizmati bilan hamkorlikda shahar hududida ommaviy cho`milish joylarining hozirgi holatini jiddiy o`rganib chiqish, ularning qo`riqlanishi, tibbiy-sanitariya holati, cho`kish bilan bog`liq hodisalarning oldini olishga qaratilgan tadbirlarning etarli darajada tashkil etilishi kabi holatlarni o`rganish, bu bo`yicha tegishli choralar belgilash yuklatilgan. Ta`lim sohasi mutasaddilariga yoz mavsumida baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida o`quvchi va talabalar o`rtasida bu borada targ`ibot ishlarini kuchaytirish vazifasi yuklangan. Matbuot anjumanida har ikki boshqarma rahbarlari jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarishdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!