“Darakchi”da yangi asar: Zulmat diyorida

12:41, 20 iyun

Nizomjon maktabni ham kollejni ham a`lo baholarda bitirdi. Universitetga kirishni astoydil ko`ngliga tukkandi, ammo bu galcha niyati amalga oshmadi. Garchi imtihondan o`tolmagan bo`lsa—da, ko`ngli cho`kmadi. Demak, hali talabalik maqomiga munosib emas ekan, hali biroz jiddiyroq taraddud ko`rishi kerak ekan. Yanaga yil albatta o`qishga kiradi. 
 

Gohida shunday deb o`ziga taskin beradiyu, yana hafsalasi pir bo`ladi: Axir o`qishga kiraman degan odam ertayu kech izlanishi, tayyorgarlik ko`rishi  kerak edi. U bo`lsa...

Agar akasining allaqaysi go`rdagi aqidaparastning nayranglariga laqqa tushini bilganida, lafzsiz, beburd degan olsa—da, gapidan qaytib, bu shaharga qadam bosmagan bo`lardi. Hali ham kech emas.  Nima bo`lsa ham akasini bu yo`ldan qfaytarib, Vatanga olib ketolsa bo`lgani. U akasini yaxshi biladi: o`ta ta`sirchan! Bolalikdan qaysidir multfilm yoki kino yoqib qolsa, ancha payt o`shaning ta`siridan chiqolmay yurardi. Kichkinalik paytlarida Isomjon bir qarasa,Yu Maugliga, bir qarasa, tarzanga taqlid qilib yurardi. Bir muddat terminatorga, yana bir fursat “titanik”dagi Jekka havas qilib yurgani ham ukasining esidan chiqqani yo`q.

Nahot akasining irodasi shu qadar bo`sh? Nahotki, anavi “hoji aka”ning uch to`rt ma`ruzasini eshitib, “mujohid”ga aylanib olsa? 

Kechamidi, o`tgan kunimidi, Nizomjon akasini xilvatga tortib, masalani ko`ndalang qo`ydi. 

Aka, hojining uyi bitdi hisob. To`rtta  qandil bilan derazaga karniz o`rnatishni bizsiz ham eplashadi. Hojidan pulni olayligu tezroq uyga qaytaylik.

Bu paytda boshiga xuddi Ravshan hoji singari oppoq do`ppi qo`ndirib, allaqanday yupqa kitobni o`qib o`tirardi. Mutolaaga berilib ketganidan bo`lsa kerak, ukasining gapirganini dastlab eshitmadi ham.

Nizomjon tabiatan o`ta sertavoze yigit. U akasining chizgan chizig`idan chiqmaslikka o`rgangan. Gohida akasinig tutgan yo`li noto`g`ri ekanini anglasa, yotig`i bilan unga tushuntirar, lekin baribir oxir—oqibat akasining aytgani bo`lardi. Bu gal unaqa bo`lmaydi. 

—  Nima o`qiyapsiz? – Nizomjon akasining qo`lidagi oq muqovali daftarnusxa nashrni tortib oldi. – Kitobxonlik odatingiz borligini bilmagan ekanma, aka!

Kitobni varaqlab ko`rarkan, Nizomjonning ko`zi shokosasidan chiqqudek bo`ldi. Unda... faqat va faqat jihod haqida, xunrezlik va urush haqida so`z borardi. Nizomjon xuddi laxcha cho`g`ni tutib turgandek qo`lidagi narsani uloqtirib yubordi.

—  Esingizni yig`ing, aka! Sizga nima bo`ldi? – U shunday deya ismojonning elkasidan tutib silkitdi. – Men bularning maqsadini bilaman, aka! Minglab, yuz minglab begunohlarning qonini to`kib, hukumatni qo`lga olishni, yuz yillar avvalgi hayotga qaytib, o`zlari bilgandek yallo qilib yashashni istashadi. 

Ismojon elkasi ustida turgan ukasining qo`lini nari surdi:

—  Ukam, aqling etmagan ishga aralashma! – shunday polda to`nkarilib yotgan kitobchani olib ko`ziga surdi. – Sen ham anavilarga o`xshab fikr yurityapsan, — deya eshikdan tashqariga imo qildi. – Undan ko`ra, gunohlaringga tavba qil. Musulmon bo`l!

—  Nima, sizningcha men musulmon emasmanmi? – Nizomjonning ko`zlarid ham hayrat, ham dahshat aks etardi. – Aka bir gapni eshitganmisiz? Mushuk o`z bolasi egisi kelsa, avval o`zini o`zi “bu sichqon” deb ishontirarkanu, keyin uni paqqos tushirarkan. Bilasiz, musulmon uchun musulmonning qonini to`kish er yuzidagi butun insoniyatni yo`q qilidek og`ir gunoh ekanini. Shuning uchun manavi kimsalar – akasining qo`lidagi kitobga ishora qildi Nizomjon, — o`zlariga qo`shilmagan, ularga qarshi chiqqanlarning barini kofirga chiqarishadi, keyin esa, bemalol o`ldiraverishadi.

Shu onda aka-ukaning ko`zlari to`qnashdi. Nizomjon akasining ma`nosiz ko`zlaridan hech narsa uqolmadi,  Isomjon esa,  ukasining nigohlaridagi mislsiz iztirob va hadikni anglamoqdan ojiz edi... 

Yozuvchi Faxriddin ZAMONning “ZULMAT DIYoRIDA” asarini “Darakchi” gazetasining 23 iyunda sotuvga chiqadigan 25-sonida o`qishingiz mumkin.

Diqqat, diqqat! “Darakchi.uz"ning Telegram’dagi rasmiy kanaliga a`zo bo`lib, yangiliklardan boxabar bo`ling!

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!