Alkogol va tamaki sotuvchilariga xaridor yoshini so`rash majburiyati qo`yildi

14:09, 20 iyun

O`zbekiston hukumati 10 iyundagi qarori bilan mamlakatda chakana savdo qoidalariga o`zgartishlar kiritdi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda

Endilikda alkogolli va tamaki mahsulotlari savdosi bilan shug`ullanayotgan sotuvchi 20 yoshdan kichik ko`ringan xaridorlardan uning yoshini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etishni talab qilishga majbur. Bunday hujjat mavjud bo`lmagan taqdirda sotuvchi mahsulotni sotishdan bosh tortishi shart.

Bundan tashqari, qoidalarga binoan endilikda bolalar o`yinchoqlari, konfet va boshqa bolalar tovarlari ko`rinishidagi alkogolli va tamaki mahsulotlarini sotish taqiqlandi.

Shuningdek, alkogolli mahsulotlar 20 yoshga to`lmagan shaxslarga sotilmasligi hamda alkogolli va tamaki mahsulotlarining inson organizmiga salbiy ta`siri haqidagi ogohlantiruvchi yozuvlar mavjud bo`lmagan savdo nuqtalarida sotish taqiqlandi.

Alkogolli mahsulot idishi va tamaki mahsuloti qutisi (o`rami)da ularni iste`mol qilishning inson organizmiga salbiy ta`siri to`g`risidagi matn va (yoki) rasm shaklidagi tibbiy ogohlantirish mavjud bo`lmagan taqdirda ham ularni savdoga chiqarish taqiqlandi.

Xuddi shunday talablar O`zbekistonda umumiy ovqatlanish mahsulotlarini (xizmatlarini) ishlab chiqarish va sotish qoidalariga ham kiritildi. Qo`shimcha ravishda, qoidalarda umumiy ovqatlanish joylarida alkogol mahsulotlarini olib chiqib ketish uchun sotish taqiqlandi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!