Yoqutistonlik ayol taygada, ayiqlar qurshovida farzand ko`rdi

10:32, 21 iyun

Yoqutistonda g`aroyib hodisa ro`y berdi. Ayiqlarga to`la taygada kutilmaganda homilador ayolni to`lg`oq tutdi. Agar vrachlar va polisiyachilar yordamga etib kelmaganda, voqea qanday tus olishi dargumon edi, deb xabar berdi “Deti.mail.ru” nashri.

Homilasi 40 haftalik bo`lgan 26 yoshli Aleksandra Matrosova turmush o`rtog`i va opasi bilan baliq oviga jo`naydi. O`sha erda uni to`lg`oq tutadi. Rafiqasini kasalxonasiga olib jo`nagan erkakning mashinasi botqoqqa botib, o`chib qoladi. Aleksandrani opasi bilan taygada qoldirgan eri vrachlarni kutib olish uchun piyoda yo`lga chiqadi.  

“Opam mobil telefon orqali qutqaruvchilar bilan aloqada bo`ldi. Ular qanday nafas olish, nima qilish kerakligini telefon orqali aytib turishdi. Shunday qilib, quruq erda farzandimni dunyoga keltirdim”, deydi Matrosova “Komsomolskaya pravda” gazetasiga bergan intervyusida. 

Vrachlar voqea joyiga bola tug`ilgandan ikki soat o`tgachgina etib kelgan. Ular dunyoga kelgan qizaloqning kindigini kesib, uni isitishga harakat qilishgan. Bu paytda polisiyachilar ayiqlarni yaqinlashtirmaslik maqsadida, haydab, havoga o`q uzishgan. “Hozir ayiqlarning ko`payish mavsumi bo`lganligi tufayli ularning eng xavfli paytidir”, dedi polisiyachilardan biri.  

Mirnin tuman markaziy kasalxonasi bosh vrachi Tatyana Struchkovaning ma`lumot berishicha, hozirda ona va bolaning sog`ligi qoniqarli darajada. Qizaloq ham sog`lom, uning bo`yi 52 santimetr bo`lib, og`irligi 3490 grammni tashkil etadi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!