Mahalliy elektrotexnika mahsulotlari yanada ko`proq bo`ladi

16:00, 22 iyun

«O`zeltexsanoat» elektrotexnika sanoati kompaniyasi tarkibiga kiruvchi korxonalar 2016 yilning birinchi choragida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 20 foiz — 227,3 mlrd so`mga va xalq iste`moli tovarlarini 3 foiz — 73,5 mlrd so`mga oshirdi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda

«O`zeltexsanoat» axborot xizmatining xabar qilishicha, elektr changyutkichlar ishlab chiqarish 2,6 barobarga, kir yuvish mashinalari 67,1 foizga oshdi. Tayyorlangan barcha mahsulotlarning 33,7 foizi eksportga yo`naltirildi.

«O`zeltexsanoat» tizimida faoliyat yuritayotgan 50 ga yaqin korxonalar kabel, elektrotexnika, maishiy texnika mahsulotlari ishlab chiqarish va ularga texnik xizmat ko`rsatish bilan shug`ullanmoqda. 27 ta korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar MDH va boshqa xorijiy mamlakatlarga eksport qilinmoqda. 

2015 yilda 1,3 trln so`mlik mahsulot ishlab chiqarishga erishildi, 167,7 mln dollar (+72%)lik mahsulotlar esa eksportga yo`naltirildi.

«O`zeltexsanoat» korxonalari ishlab chiqargan barcha mahsulotlarning 28,9 foizi maishiy texnika hissasiga to`g`ri keladi. So`nggi besh yil davomida avval import qilingan 25 turdagi maishiy texnika mahsulotlarini ishlab chiqarish o`zlashtirildi. Joriy yil boshidan buyon ichki maishiy texnika bozorining 40-45 foizi mahalliy mahsulotlar bilan qoplandi. O`tgan yili maishiy texnika ishlab chiqarish hajmi 334,8 mlrd so`mni tashkil etdi.

«O`zeltexsanoat» korxonalarining qariyb 77 foizi kichik biznes vakillaridir. 2015 yilda ular tomonidan 618,05 mlrd so`mlik mahsulotlar ishlab chiqarilgan bo`lib, kompaniyadagi ulush 48,7 foizni tashkil etadi. Kichik biznes korxonalarida kompaniya tizimidagi barcha ishchilarning 24,4 foizi mehnat qilmoqda.

Elektrotexnika sohasini rivojlantirish dasturiga muvofiq, 2030 yilga qadar 1 mlrd dollarga yaqin miqdordagi investisiyalar o`zlashtiriladi va 22 turdagi yangi mahsulotlar ishlab chiqariladi. Korxonalarni modernizasiya qilish hisobiga ishlab chiqarish hajmi 5,1 barobarga ortadi.

Joriy yilda kompaniya ichki maishiy texnika bozorini: kondisionerlar -37,2 foizgacha (ishlab chiqarishning o`sishi 8,6 foizni tashkil etdi), gaz va elektroplitalar -56 foizgacha (+6,7%), televizorlar — 60,1 foiz (+6,5%), muzlatkichlar — 32,5 foizgacha (+4,6%), kir yuvish mashinalari — 65 foizgacha (+3,1%) to`yintirishni mo`ljallagan.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!